Olti yildan keyin ishga joylashgan oshpaz
Dilafro‘z Sayfullayeva kasb-hunar kollejini tugatgan, mutaxassisligi oshpaz.
Ammo olti yil bo‘libdiki, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylasha olmay sarson. Uchquduq tumanidagi “KELAJAK” yoshlar markazi binosida tuman hokimligi va Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan band bo‘lmagan fuqarolarni ish bilan ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi”ga borib, o‘ziga munosib ish topdi.
– Bugun yarmarkada orzuyimdagi korxona “NKMK jamg‘armasi” DM “Uchquduq” hududiy boshqarmasiga oshpazlikka qabul qilindim, – deydi Dilafro‘z Sayfullayeva.

Mazkur mehnat yarmarkasida 52 ta korxona, tashkilot va muassasa mavjud bo‘lgan 174 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi.
Yakunda 2 nafar fuqaroga kvota asosida korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berilgan bo‘lsa, 3 nafar fuqaro Shimoliy kon boshqarmasi tasarrufidagi korxonalarga, 1 nafari tuman tibbiyot birlashmasiga mutaxassislik talab etilmaydigan ishga joylashtirildi. Shuningdek, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan 8 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, 23 nafar yoshga kasb-hunarga o‘qitish markazidagi tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, payvandchilik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslariga yo‘llanmalar berildi.

– Tumanimizda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 285 nafar xotin-qizga 6 toifa bo‘yicha alohida manzilli va 3 toifa bo‘yicha umumiy yordam ko‘rsatiladi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nafisa Najmiddinova. – Jumladan, birinchi toifa – ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bo‘lib, bu toifaga ishsiz, daromad manbaiga ega bo‘lmagan, biroq ishlash istagida bo‘lgan 43 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kiritilgan. Bugun mehnat yarmarkasida ularning 8 nafariga doimiy ishlash uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, 11 nafar ayol haq to‘lanadigan jamoatchilik ishlariga jalb qilinsa, 10 nafarini kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Yarmarka doirasida Uchquduq tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari tomonidan ish izlayotgan fuqarolarga o‘zini-o‘zi band qiladigan shaxslar uchun faoliyat turlari, uning imkoniyatlari, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar tushuntirildi. Shuningdek, tadbirkorlik qilish va imtiyozli kredit olish istagini bildirgan fuqarolarga belgilangan tartibda huquqiy maslahatlar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA