Olti oyda 39 milliard so‘mlik noqonuniy tovar aylanmasi oldi olindi
Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasida zamonaviy talablar asosida jihozlangan maxsus surishtiruv xonasi ochilishida qayd etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev, qo‘mitaning surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akromjon Axlimirzayev ishtirok etib, maxsus xona imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Bu yerda so‘roq qilish, yuzlashtirish, shaxsni tanib olish, shuningdek, videokonferensaloqa orqali masofaviy tergov harakatlarini amalga oshirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ta’kidlanganidek, yangi tashkil etilgan maxsus surishtiruv xonasi jinoyat protsessida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, tergovga qadar tekshiruv hamda surishtiruv ishlarining sifati va shaffofligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tanishuv chog‘ida viloyat bojxona boshqarmasining huquqbuzarliklarga qarshi kurashish sohasida joriy yilning olti oyidagi natijalariga ham e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, hisobot davrida 926 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, qariyb 39 milliard so‘mlik noqonuniy tovarlar ushlab qolingan. E’tiborlisi, huquqbuzarliklar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 218 taga kamaygan bo‘lsa-da, ushlab qolingan tovarlarning umumiy qiymati 19 milliard 350 million so‘mga oshgan. Mamlakat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, kontrabanda va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh xodimlarga Bojxona qo‘mitasining tashakkurnomasi topshirildi.

Tadbir doirasida yana bir muhim yangilik sifatida Samarqand shahri markazida Bojxona qo‘mitasi ruxsati asosida “Bojxona-servis” davlat muassasasi Samarqand viloyati bo‘limi tomonidan litsenziya asosida zargarlik buyumlari hamda qimmatbaho toshlardan tayyorlangan buyumlarni sotishga ixtisoslashgan savdo rastasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Tahlillar so‘nggi yillarda zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar soni ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Joriy yilning olti oyida ushbu yo‘nalishda 64 ta holat fosh etilib, umumiy qiymati 3,7 milliard so‘mlik, og‘irligi 5 kilogramm 410 gramm bo‘lgan 133 nomdagi zargarlik buyumlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan aniqlangan holatlar soni, musodara qilingan buyumlarning qiymati va og‘irligi sezilarli darajada oshgan bo‘lib, xususan, musodara qilingan zargarlik buyumlarining umumiy og‘irligi 2 kilogramm 208 grammga ko‘paygani mazkur yo‘nalishdagi nazorat tadbirlarining samaradorligi yanada oshganidan dalolat beradi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri