Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi qabuli: 41 murojaat joyida ijobiy hal etildi
Aholi bilan ochiq va samarali muloqot tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgani natijasida idora va tashkilotlar rahbarlarining qabullari tashkil etildi. Bu fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va ularning hal etilishida muhim omil bo‘lmoqda.
Mazkur yo‘nalishda sud organlarida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolar bilan bevosita muloqotlar tizimli yo‘lga qo‘yilib, aholi murojaatlari qabul qilinmoqda. Kelib tushgan ariza va shikoyatlar qonunchilik talablari asosida o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmoqda.
Fuqarolarning murojaatlarini tinglash hamda sud hokimiyati bilan aholi o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada kuchaytirish maqsadida Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi rahbariyati tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda Toshkent shahar va Toshkent viloyat sudlari rahbariyati, sudyalar hamda mas’ul xodimlar ham ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish va har bir masalaga aniq huquqiy yechim topishga alohida e’tibor qaratildi.

Sayyor qabul fuqarolar uchun qulay shaklda tashkil etildi. Murojaatchilar sud organlari rahbariyati bilan yuzma-yuz muloqot qilib, o‘zlarini qiynayotgan masalalarni bevosita bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
[gallery-30784]
Tadbir davomida 854 ish bo‘yicha 1 ming 279 murojaatchi qabul qilindi. 403 shikoyat (ariza) qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun kabul kilinib, 410 murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.
Murojaatlarning 41 tasi qabul jarayonining o‘zida ijobiy hal etildi.
Sayyor qabullar aholi bilan davlat organlari o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga qonuniy yechim topish hamda sud organlari faoliyatining ochiqligi va samaradorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
N.Abduraimova,
S.O‘rmonov (surat), O‘zA