Oliy sud raisi: Tanqidni xavf emas, balki rivojlanish omili sifatida qabul qilamiz
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida tantanali tadbir tashkil etildi.
Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova ochiqlik siyosati – Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning ajralmas qismi ekanini alohida ta’kidladi.
Yangilangan Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyati hamda har bir insonning axborot olish huquqi mustahkam kafolatlab qo‘yilgani mamlakatimiz tanlagan ochiqlik va taraqqiyot yo‘lining yorqin ifodasidir.
Sud o‘z faoliyatini jamiyat ko‘z o‘ngida, oshkora yuritgandagina odamlarning unga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanadi. Shu ma’noda, jurnalistlar sud bilan xalq o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradi.
– Biz haqqoniy so‘z va xolis tanqidni xavf emas, balki rivojlanish omili sifatida qabul qilamiz, – dedi Oliy sud raisi. – Ommaviy axborot vositalarida sud tizimidagi kamchiliklar va fuqarolarning haqli e’tirozlari ko‘tarilishi bizni o‘z ishimizga tanqidiy nazar bilan qarashga, yo‘l qo‘yilgan xatolarni o‘z vaqtida tuzatishga undaydi. Zero, oshkoralik va jamoatchilik nazorati odil sudlovning dushmani emas, uning eng ishonchli kafolatidir. Shu bois, sudlarimizni jamiyatga yanada ochiq, xalqimizga yanada yaqin qilishni oldimizdagi ustuvor vazifalardan biri deb bilamiz. Ayni paytda huquqiy masalalarni yoritishda xolislik, aniqlik va mas’uliyat har qachongidan muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda sud hokimiyati yangi rivojlanish davriga dadil qadam qo‘yayotgani, sudlarning matbuot xizmatini zamonaviy, yangi formatda rivojlantirib, ommaviy axborot vositalari bilan ishlash usullarini tubdan yangilanishi qayd etildi. Sud jarayonlari va qarorlari haqidagi ma’lumotlar ochiq hamda fuqarolarga tushunarli tarzda yetib borishi ta’minlanadi. Sud tizimida zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etish bo‘yicha amaliy choralar tezlashtirilishi aytib o‘tildi.
Tadbir tashkilotchilari haqiqat va adolat yo‘lida qalam tebratayotgan, el-yurt tashvishi bilan yashab, fidokorona mehnat qilayotgan qalam sohiblarini 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabrikladi. Sud sohasini ommaviy axborot vositalarida faol yoritayotgan bir guruh jurnalistlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Norgul Abduraimova, O‘zA