Oliy sud: mehnat sohasida fuqarolar sarson bo‘lishining oldini olish zarur
Oliy sudda mehnatga oid munosabatlar yuzasidan nizolarni hal qilishda qonunchilik normalari to‘g‘ri qo‘llanilishi va talqin qilinishiga oid davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oliy sud raisining o‘rinbosari A.Shukurov boshqargan tadbirda manfaatdor muassasa va idoralar vakillari, advokatlar, mutaxassislar va sudyalar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida xodimlar bilan mehnat shartnomalarini bekor qilishning huquqiy asoslari hamda sud tartibida hal etilgan ushbu toifadagi nizolar bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari ijro etilishi mexanizmi atroflicha muhokama qilindi.
Mehnat munosabatlarini bekor qilishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish, xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, yagona huquq amaliyotini shakllantirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan mazkur toifadagi nizolarni ko‘rib chiqishda qonunchilik normalarini bir xilda talqin qilish va qo‘llashga qaratilgan taklif hamda mulohazalar bildirildi.
Davra suhbati yakunlari bo‘yicha bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilib, kelgusida mehnat qonunchiligiga rioya qilish, fuqarolar sarson bo‘lishining oldini olishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA