O‘lchashlar – metrologiyaning asosi
Insoniyat taraqqiyoti davomida o‘lchamlar odamlarning o‘zaro aloqalarida, tabiat va atrofdagi narsalarga bo‘lgan munosabatlarida aks etgan hamda ularga hamroh bo‘lgan.
Insoniyat taraqqiyoti davomida o‘lchamlar odamlarning o‘zaro aloqalarida, tabiat va atrofdagi narsalarga bo‘lgan munosabatlarida aks etgan hamda ularga hamroh bo‘lgan.
bugungi kunda turmushda foydalaniladigan har qanday narsaning aniq o‘lchami, ularni o‘lchaydigan asbob–uskunalar mavjud. O‘lchashlarni to‘g‘ri amalga oshirish esa aniq hisob-kitoblarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. O‘lchashlar haqiqiy qiymatini aniqlash uchun o‘lchash vositasining o‘zi aniq va to‘g‘ri qiymatlarni ko‘rsatishi lozim.
Ushbu jarayonlarni muvofiqlashtiruvchi, to‘g‘ri va aniq o‘lchashni ta’minlovchi soha bu – metrologiyadir. Gohida «Texnika asri», gohida «Taraqqiyot asri» deb nomlanayotgan ushbu kunlarda barcha amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar muvaffaqiyatida metrologiyaning o‘rni beqiyos. Metrologiya rivojlanishga ta’sir etar ekan, uning o‘zi ham hamohang tarzda taraqqiy etib boraveradi.
Respublikamizda metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Ayniqsa so‘nggi yillarda bizning mamlakatimizda ham metrologiya sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 7 aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan «Metrologiya to‘g‘risida»gi (yangi tahrirda) O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan edi. Mazkur qonuning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishini ta’minlashga doir normativ hujjatlar sifatida o‘lchashlarni bajarish, o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish, sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish va o‘lchash vositalarini kalibrlash uslubiyotlari belgilab qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida metrologiya xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ushbu jarayonlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Hukumat qarori bilan o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan o‘tkazish, o‘lchash vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish, o‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish, sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish va o‘lchash vositalarini kalibrlashdan o‘tkazish qoidalari tasdiqlandi.
Ushbu qarorning qabul qilinishidan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasida o‘lchashlarning yagona birlikda bo‘lishi va tizimning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, metrologiya xizmatlari ko‘rsatishda shaffoflikni ta’minlash, o‘lchash va sinov vositalarining tavsiflarini baholash jarayonlarining qonuniyligi, shuningdek, mamlakatimiz hududida ularni muomalaga kiritishda ham, foydalanish jarayonida ham, ularning davlat tomonidan tartibga solinadigan sohada belgilangan maqsadi bo‘yicha qo‘llanishga yaroqliligini tasdiqlash tartibini joriy etish hisoblanadi.
Qaror qabul qilinishi natijasida o‘lchash vositalarini davlat sinovlaridan, metrologik attestatsiyadan, qiyoslashdan, kalibrlashdan hamda sinov vositalarini metrologik attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha umum-majburiy talablar belgilanib, normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi, metrologik xizmatlarni ko‘rsatishda yagona tartib ko‘rsatildi. Metrologik xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi munosabatlar ushbu qarorda huquqiy jihatdan tartibga solinib, metrologik xizmatlarni amalga oshirilishining shaffofligini, shuningdek, metrologiya xizmatlari organlarining mas’uliyati belgilanishi va oshirilishini ta’minlandi.
Shuningdek, davlat metrologiya xizmati organlari va yuridik shaxslar metrologiya xizmatlarining «Metrologiya to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq metrologik tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha berilgan vakolatlariga aniqlik kiritildi, shuningdek, vaqt sarfi va xarajatlariga ta’sir ko‘rsatuvchi to‘siqlar bekor qilinishi orqali xizmat ko‘rsatish muddatlarini ikki barobargacha qisqartirishga erishilib, taqdim etiladigan hujjatlar soni ikki yarim martaga kamaytirildi hamda ularni elektron shaklda taqdim etishga imkoniyati yaratildi. Yana bir muhim jihat metrologik tekshiruv natijalari rasmiylashtirish blankalari qalbakilashtirilishini oldi olinadigan bo‘ldi.
Bu o‘z navbatida metrologiya sohasi doirasida amalga oshirilayotgan jarayonlarda ortiqcha byurokratik to‘siqlarning paydo bo‘lishini oldini olish bilan bir qatorda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning yuqori sifatda bo‘lishini ta’minlaydi hamda ularning jahon bozorlarida o‘z o‘rnini egallashga xizmat qiladi.



Azamat To‘rayev,
O‘zbekiston milliy metrologiya
instituti Matbuot xizmati rahbari