Oksana Doxada oltin medalga sazovor bo‘ldi
Doxada davom etayotgan Jahon kubogining 4 mart kungi bahslari mamlakatimiz vakillari uchun omadli kechdi.
Quvonarlisi, o‘zbek sport gimnastikasi afsonasi Oksana Chusovitina hali ham sportdagi qat’iyatini yo‘qotmaganligini namoyish qildi. Jahon kubogining tayanib sakrash dasturidagi final musobaqasida 46 yoshli hamyurtimiz 13.433 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
G‘oliblik yo‘lidagi asosiy da’vogarlari bo‘lgan vengriyalik Mariya Baskay 13.150 natija bilan 2-o‘rinni, rossiyalik Viktoriya Listunova 13.133 ochko evaziga 3-o‘rinni egallashdi. 46 yoshli Oksana barchani lol etgan tarzda shohsupaning eng yuqorisidan joy oldi.
Shuningdek, Doxadagi 4 mart kungi musobaqalarda yana bir yurtdoshimiz O‘tkirbek Jo‘rayev parallel to‘sinlardagi mashqda 6-ko‘rsatkich bilan saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan holda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Endi O‘tkirbek Jo‘rayev bugun, 5 mart kungi final bahsida medallar uchun kurashda ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA