Oilaviy ajrimning oldi olindi
Deputatlarning o‘z mas’uliyatini chuqur his etishi aholi muammolari hal bo‘lishi va turmush sharoiti yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Sir emaski, ilgari o‘z hududidan saylangan deputatni odamlar yillab ko‘rmas edi. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida deputatlarning ham faolligi oshdi.
O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan saylangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati O‘ringul Allabergenova, “Sho‘raxon” ovul fuqarolar yig‘ini mutaxassisi Zamira Turamuratova va profilaktika inspektori Tursunboy Qodirovning faolligi tufayli bitta oila ajrashishdan saqlab qolindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha To‘rtko‘l tumani sudida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud jarayonida har kungi notinchlik tufayli fuqaro X.N.ning shikoyat arizasiga ko‘ra turmush o‘rtog‘i huquqbuzar V.N.ga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.
Sud jarayonida deputat va soha mutaxassislari bildirgan fikr-mulohazalar, ular tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida ushbu oilani saqlab qolishning barcha choralari ko‘rildi. Kundalik hayotdagi yetishmovchilik, arzimas nizo tufayli ko‘plab oilalarning buzilib ketayotganligi, oilaning muqaddasligi, uni tiklash nechog‘li mashaqqat ekanligi batafsil tushuntirilganligi sababli er-xotin yarashtirildi. Eng asosiysi, ikki nafar farzandning yetim bo‘lishining oldi olindi. Sud ishi insonparvarlik, qonuniy va adolatli ko‘rib chiqildi.
Oila jamiyatning asosi hisoblanadi. U mustahkam bo‘lsa, jamiyat, mamlakat ham mustahkam va barqaror bo‘ladi. Shunday ekan, oilani saqlab qolish mahalla faollari, nuroniylar, deputatlar, shuningdek, har birimizning burchimiz bo‘lishi kerak.
Dovud Abibullayev, O‘zA