Oilalar farovonligini oshirishda muhim tashabbus
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumani hokimligi Axborot xizmati tomonidan joylarda hokim yordamchilarining ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash yo‘nalishida olib borayotgan ishlarini yoritishga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida hududlarda aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb qilish va barqaror daromad manbalarini yaratish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va galdagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yil davomida tijorat banklari tomonidan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” maqsadida 811 nafar fuqaroga jami 14 milliard 300 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratib berildi. Shuningdek, tomorqa xo‘jaligidan oqilona foydalanish, uni daromad manbaiga aylantirish va aholi bandligini ta’minlashda Sayxunobod tajribasi asosida tuman hududidagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholini tadbirkorlikka jalb qilish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 24 milliard 711 million so‘mlik 641 loyiha ishga tushirildi.
[gallery-29406]
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga 2026-yil 1 choragi davomida 419 nafar ishsiz fuqaro ish so‘rab murojaat etgan bo‘lib, shundan 255 nafariga tumandagi muassasa va korxonalarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi va bandligi ta’minlandi. 1 chorak davomida 248 nafar fuqaroni doimiy ish bilan band qilish bo‘yicha reja bajarildi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi bilan hamkorlikda tumanda hokim yordamchilari tomonidan ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha press-tur tashkil etildi.
Unda asosan mahallalarda imtiyozli kredit va subsidiyalardan samarali foydalanib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan fuqarolar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, tomorqalaridan samarali foydalanib, oilasi daromadini oshirayotgan, inkubator orqali jo‘ja yetishtirish va pillachilik bilan shug‘ullanib, mavsumiy bandlikka erishayotgan fuqarolarning ishlari ham o‘rganildi.
Tumandagi “Oqjap” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi A.Seydametov oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 33 million so‘mlik imtiyozli kredit olib, 2 dona zamonaviy inkubator qurilmasini ishga tushirgan. Bugungi kunda oila daromadi oshib, mahallada yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Mehnat va intilish bilan boshlangan bu ish bitta oilaning farovonligini ta’minlab qolmasdan, balki hududda tadbirkorlik va bandlikni rivojlantirishga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, bunday amaliy tashabbuslar aholi bandligini ta’minlash, oilalar farovonligini oshirish va mahallalarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.