Oila jipsligi jamiyat mustahkamligini ta’minlaydi
Bugungi kunda oilalar mustahkamligini ta’minlash, ajrimlarning oldini olish va farzandlarni to‘liq oila bag‘rida tarbiyalash masalasi davlat va jamiyat oldidagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki har bir saqlab qolingan oila — bir insonning emas, butun bir avlodning taqdiri, farzandlar kelajagi, jamiyatning ertangi kuni demakdir.
Shu ezgu maqsad yo‘lida Buxoro viloyati sudi hamda Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida G‘ijduvon tumanida keng jamoatchilik ishtirokida ta’sirchan va hayotiy tadbir tashkil etildi. Unda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar muammolarini o‘rganish, ularga amaliy yordam berish va eng muhimi — oilalarni qayta tiklashga qaratilgan muhim muloqot maydoni yaratildi.
Tadbirda Buxoro viloyati sudi raisi U.Ro‘ziyev, viloyat hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i H.Ortiqova, tuman hokimi, sudyalar, prokuratura va ichki ishlar organlari mas’ullari, profilaktika inspektorlari, mahalla raislari, nuroniylar, imom-xatiblar, otinoyilar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvga fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudida ko‘rilayotgan nikohdan ajratish ishlari bo‘yicha er-xotinlar, ularning ota-onalari va yaqin qarindoshlari ham taklif qilindi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi buyurtmasi asosida suratga olingan “Farzand omonat” qisqa metrajli filmi namoyish etildi.
Atigi yigirma daqiqa davom etgan ushbu film yig‘ilganlarga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Ekran orqali namoyon bo‘lgan hayotiy voqealar, ajrim azobini boshidan kechirayotgan bolalarning ichki kechinmalari va ota-ona mas’uliyati haqidagi lavhalar ko‘pchilikni chuqur o‘yga toldirdi.
Zaldagi ko‘plab ishtirokchilar ko‘z yoshlarini yashira olmadi. Ayrimlar o‘z hayotini, ayrimlar farzandlarining kelajagini ko‘z oldiga keltirdi. Chunki ajrim ikki insonning emas, avvalo farzand qalbining og‘rig‘i ekanligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar oila muqaddas qo‘rg‘on, ma’naviyat va tarbiya maskani ekanligini ta’kidlashdi. Ta’kidlanganidek, nikoh xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri bo‘lib, uni asrab-avaylash har bir insonning muqaddas burchidir. Er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ko‘p hollarda sabr, muloqot va o‘zaro tushunish orqali hal qilinishi mumkin.
Mas’ullar, nuroniylar, mahalla faollari va diniy ulamolar har bir oila bilan alohida suhbatlar o‘tkazib, muammolarning ildizini aniqlashga harakat qilishdi. Ayrim hollarda bir og‘iz samimiy so‘z, xolis maslahat yoki ota-ona duosi yillar davomida yig‘ilib qolgan arazlarni bartaraf etdi.
Tadbirning eng quvonarli natijasi shunda bo‘ldiki, ajrim yoqasiga kelib qolgan 15 ta oila yarashtirildi va ularning nikohi saqlab qolindi.

Bu raqam ortida 15 ta xonadon, o‘nlab farzandlar va yuzlab insonlarning qalbida qayta yonilgan umid chirog‘i mujassam.
Kechagina bir-biridan ranjigan, sud ostonasigacha yetib kelgan er-xotinlarning yarashib ketishi yig‘ilganlarning qalbida katta quvonch uyg‘otdi. Eng muhimi, farzandlar o‘z ota-onasi bag‘rida qoldi. Ular uchun bugungi kun ehtimol hayotlaridagi eng baxtli kunlardan biri bo‘ldi.
Yarashgan juftliklarning ota-onalari, qarindoshlari va farzandlarining ko‘zlaridagi quvonch hammaning qalbiga taft ulashdi.
Tadbir davomida yarashishga ulgurmagan oilalar bilan ham tushuntirish ishlari olib borildi. Ularga belgilangan muddatlar davomida muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish, o‘zaro murosa qilish va oilani saqlab qolish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, har qanday oilada turli sinovlar bo‘ladi. Biroq muhabbat, sabr-toqat, hurmat va mas’uliyat saqlangan joyda muammolarning yechimi ham topiladi.
G‘ijduvonda o‘tkazilgan mazkur tadbir yana bir haqiqatni isbotladi: ajrim hech qachon muammoning eng yaxshi yechimi emas. Aksincha, bir qadam orqaga chekinib, bir-birini eshitishga harakat qilgan juftlik ko‘p hollarda o‘z baxtini qayta topishi mumkin.
Bugun tiklangan 15 ta oila — bu shunchaki statistika emas. Bu 15 ta saqlab qolingan taqdir, 15 ta farzandning ko‘z yoshi artilgani, 15 ta xonadonda umid qayta uyg‘onganidir.

Har bir oila shuni unutmasligi kerak: farzand uchun eng katta boylik — ota va onaning bir dasturxon atrofida, ahil va inoq yashashidir. Oila saqlansa, farzand baxtli bo‘ladi. Farzand baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi. Mustahkam jamiyat esa buyuk kelajakning eng ishonchli poydevoridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri