Oila – hayot, burch va masʼuliyat
Gʻarb olimlari tan olgan, koʻrib lol qolgan, tarbiyada tengsiz maktab ekanini eʼtirof etgan saltanat, bu – oʻzbek oilasi.
15-may – Xalqaro oila kuni
Gʻarb olimlari tan olgan, koʻrib lol qolgan, tarbiyada tengsiz maktab ekanini eʼtirof etgan saltanat, bu – oʻzbek oilasi. U jamiyatning hayot oʻzagi. Unda kelajak tugʻiladi, ulgʻayadi, umr kechiradi.
Bu murakkab jarayonda har bir oila aʼzosining oʻziga xos oʻrni bor va maʼlum qoidalarga, anʼanalarga amal qilinadi. Meʼyor buzilishlari koʻngilsiz oqibatlarga olib kelmasligi uchun ham mamlakatimizda davlat va jamoat tashkilotlari shu yoʻnalishda faoliyat olib boradi.
Avvalo, shuni taʼkidlash zarurki, bu koʻpqirrali, katta mehnat, jiddiy yondoshuvni talab qiladigan jarayon. Tinch, osuda, farovon hayot oʻz-oʻzidan kelmaydi. Uning barqarorligini taʼminlash aslida osongina hal etiladigan masala emas. Shu boisdan ham oilaga mamlakatimizning ichki siyosatidagi muhim boʻgʻin sifatida qaraladi. Olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatida asosiy oʻringa ega. Oilaviy munosabatlar aynan shuning taʼsirida mustahkamlanib, takomillashib boradi. Har bir hududning oʻziga xos va mos qarashlari mavjud.
Bugungi kunda viloyatimizda 512 ming 21 ta oila mavjud. Ular orasida notinchlari, nochorlari, nikohi buzilganlari, nogiron farzandi borlari, boquvchisini yoʻqotganlari uchraydi. Faoliyatda eng avvalo ana shu jihatlarni eʼtiborga olish kerak. Bunday oilalar bilan alohida ish olib boryapmiz. Ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash oldimizdagi dolzarb vazifalardan sanaladi. Ayniqsa, notinch oilalar bilan alohida suhbatda boʻlib, ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, koʻzga tashlangan muammo va kamchiliklarga yechim topishga harakat qilyapmiz. Tegishli tashkilotlar ham bu borada jalb etib boriladi. Oilalardan kelib tushayotgan har bir murojaatga oʻz vaqtida javob qaytarib, ularni ijobiy hal etish choralarini koʻrishga harakat qilamiz. Hech bir murojaat eʼtibordan chetda qolmaydi.
Sogʻlom oila qurish, farzandlar tarbiyasi bilan shugʻullanish, turmush tarzini toʻgʻri tashkil etish borasida mahallalarda targʻibot-tashviqot ishlari keng yoʻlga qoʻyilgan. Aholi bilan ochiq muloqot, sayyor qabul va davra suhbatlari oʻtkazib kelyapmiz. Zamonaviy oilani tarkib toptirish, undagi ichki munosabatlarni toʻgʻri izga solish boʻyicha koʻrsatmalar berilmoqda.
Quda-anda, qaynona-kelin, er-xotin… Aynan shu mavzu hayolimizni salbiy fikrlar bilan band etib boʻlgan. Afsuski, aslida ham shunday. Ushbu munosabatlarda toʻla muvaffaqiyatga erishish istagi ogʻriqli nuqtalardan biri boʻlib qolmoqda. Biz ana shu holatga qarshi kurashni aniqlangan vaqtdan boshlasak biror natijaga erishishimiz qiyin boʻladi. Odob-axloq, mehr-muhabbat, oqibat ustunligi oilada totuvlikni taʼminlashning eng birinchi zarurati.
Inson huquqlari, yuksak maʼnaviyat, vatanparvarlik kabi tushunchalar bugungi davrning muhim xususiyatlarini ifodalaydi. Ularning yoniga jasorat, jurʼat, sadoqat soʻzlarini, oʻzini bagʻishlash iborasini ham qoʻshib qoʻyishimiz lozim. Ular ijtimoiy hayotda qadim-qadimdan muhim va hal qiluvchi oʻrinni egallab kelganini unutmaylik. Hayotimizni ezgu gʻoyalarga boʻysundirganimiz sari u yana-da goʻzal, jozibali, benuqson boʻlib boradi. Oila gullab-yashnaydi. U jamiyatning shunchaki tinchlik-totuvlik hukm surayotgan boʻgʻini boʻlibgina qolmay, insoniyatni ulugʻvorlikka, yuksaklikka eltadigan manbaga aylanadi.
Tan olish kerak, har bir oilaning moddiy, maʼnaviy ehtiyojlari bor. Muammo va nizolar qarama-qarshilikdan kelib chiqadi. Xoʻsh, yechim qanday? Biz nima qilsak tinch-totuv yashaymiz. Buning siri hamjihatlik va ogʻizbirchilikda. Kam-koʻstni bartaraf etishda otaning yelkasiga koʻproq yuk tushadi, tarbiya masʼuliyati esa onaning zimmasida. Oiladagi bosh burch va majburiyat yuqoridagi fikrimizda ifodalangan. Muqaddas kitoblarda ham shunday bitiklarga duch kelamiz. Ularda juda koʻp tushunchalar qamrab olinadi. Unutib yuborayotgan urf-odat va anʼanalarimizni farovon umr kechirish sirlarining kaliti desam, yanglishmagan boʻlaman. Biz esa oʻz faoliyatimiz bilan har bir inson qoʻliga ana shu kalitni tutqazishga daʼvat etilganmiz.
Gulsara Qurbanbayeva,
Xorazm viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.