Og‘ir atletika: Peruda O‘zbekiston bayrog‘i yuksalmoqda
Peruda og‘ir atletika bo‘yicha o‘tayotgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida munosib natijalarga erishayotgan sportchilarimiz sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i sarbaland bo‘lmoqda.
70 ga yaqin mamlakatning 538 nafar yosh sportchisi qatnashayotgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yana bir kun ortda qoldi. 3 may kuni o‘tkazilgan bellashuvlarda 4 nafar vakilimiz sovrindorlar safidan joy egalladi.
Chempionatning qizlar o‘rtasida -59 kilogramm vazn toifasida qatnashgan Marjona Abdumutalova dast ko‘tarishda 88 kilo bilan kumush, siltab ko‘tarishda 102 kilo natija bilan bronza, ikki kurash yakuniga ko‘ra, 190 kilogramm ko‘rsatkich bilan kumush medal sohibasiga aylandi.

-81 kilogrammda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilgan Hikmatillo Haydarov dast ko‘tarishda 154 kilolik boshni bo‘ysundirib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, o‘smir og‘ir atletikachilarimizdan Munisbek Davletov hamda Dilnura Xoldorova delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi medallarni qo‘shib qo‘ydi.
Jumladan, erkaklar o‘rtasida -89 kg vazn toifasida supachaga ko‘tarilgan Munisbek Davletov delegatsiyamiz hisobiga ikkita kumush medalni qo‘shib qo‘ydi. Iste’dodli sportchimiz siltab ko‘tarishda 179 kg toshni bo‘ysundirgan bo‘lsa, ikki kurashda 319 kg natija qayd etdi.

Ayollar o‘rtasida -71 kg vazn toifasida bahslarga kirishgan Dilnura Xoldorova dast ko‘tarishda 93 kg natija bilan bronza medaliga ega chiqdi.
Jahon chempionati musobaqalari 6 mayga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA