OFK prezidenti Toshkentda
O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda istiqbolli hamkorlik loyihalarini muhokama qilish maqsadida Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Milliy futbol markazida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov, sport vaziri Adham Ikromov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda OFK delegatsiyasi vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda OFK va O‘FA o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni yanada mustahkamlash, mamlakatimizda futbol infratuzilmasini rivojlantirish hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Shundan so‘ng mehmonlar Milliy futbol markazidagi videotakrorlar tizimi (VAR) markazi, raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar va tibbiyot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Yangi Toshkentda barpo etilayotgan stadionda bo‘lib, qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Tashrif davomida OFK prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahrida barpo etilgan Olimpiya shaharchasiga ham tashrif buyurib, mazkur sport majmuasi bilan tanishdi.
Mazkur tashrif Osiyo futbol konfederatsiyasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, mamlakatimiz futbol infratuzilmasini takomillashtirish hamda xalqaro tajriba almashishga xizmat qiladi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA