“O‘FF Prezidenti kubogi”: saralash bahslariga start berildi
Poytaxtimizda havaskor jamoalar o‘rtasida mini futbol an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “O‘FF Prezidenti kubogi” musobaqasining 2026/2027-yilgi mavsumiga start berildi.
Bugun erta tongdan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti sport zalida musobaqaning saralash bosqichi doirasidagi ilk uchrashuvlar boshlandi.
Mazkur musobaqa havaskor sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, shuningdek, iqtidorli sportchilarni kashf etishga xizmat qiladi.
Saralashning birinchi bosqichida 36 ta jamoa ishtirok etmoqda. Ular ikki kun davomida keyingi bosqich yo‘llanmalari uchun o‘zaro bahs olib boradi.
Dastlabki uchrashuvlardanoq jamoalarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi, maydondagi shiddatli kurash va sportchilarning faolligi musobaqaga o‘ziga xos ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda. Har bir jamoa o‘z mahoratini namoyish etib, keyingi bosqichga chiqish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda.
[gallery-32154]
Uchrashuvlar yakuniga ko‘ra, saralashning navbatdagi bosqichida ishtirok etadigan jamoalar nomi ma’lum bo‘ladi.
Musobaqaning ikkinchi bosqich bahslari 31-oktabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA