Odil Yoqubovning dunyoga mashhur “Ulug‘bek xazinasi” romani — ingliz tilida
O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi Odil Yoqubovning mashhur “Ulug‘bek xazinasi” romani endilikda ingliz tilida ham jahon kitobxonlariga taqdim etildi.
Ushbu yirik adabiy loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga muvofiq, buyuk adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan 2026-yilda keng nishonlanishi rejalashtirilgan yubiley tadbirlariga munosib madaniy tuhfa sifatida amalga oshirildi.
2025-yilda adibning 100 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tashabbus doirasida yozuvchining rafiqasi — “Do‘stlik” ordeni sohibasi Maryam aya Shariatullayeva (Yoqubova) tomonidan berilgan oq fotiha va rozilik asosida “Ulug‘bek xazinasi” romanini ingliz tiliga tarjima qilish loyihasi boshlangan edi.
Ushbu muhim ilmiy-adabiy jarayon Andijon davlat chet tillar universiteti doktoranti Abdullajon Ro‘ziyev rahbarligida amalga oshirildi.
Keyinchalik loyiha universitet rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi bilan xalqaro hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. Tarjima jarayonida amerikalik muharrirlar — Shimoliy Karolina universiteti bitiruvchisi Matyu Piyerro (Mattew Pierro) va Alon Shneydman (Alon Schenidman) faol ishtirok etdi.
Ularning hamkorligi natijasida roman ingliz tiliga tarjima qilinib, Amazon platformasida va O‘zbekistonda nashr etildi.
Mirzo Ulug‘bek hayoti, uning ilmiy-ma’rifiy merosi va tarixiy shaxs sifatidagi o‘rni tasvirlangan ushbu roman endilikda xalqaro kitobxonlarga O‘zbekiston tarixining muhim sahifalarini, milliy madaniyat va adabiy merosni yanada yaqinroq tanitish imkonini beradi. Asar global adabiy maydonda o‘zbek tarixiy romanining o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kitob zamonaviy nashr standartlariga muvofiq ravishda qattiq muqova (hardcover), yumshoq muqova (paperback) hamda elektron (ebook) formatlarda chop etildi va keng kitobxonlar ommasi uchun Amazon platformasi orqali dunyo bo‘ylab taqdim etildi.
Aytish kerakki, buyuk bobokalonimiz haqida hikoya qiluvchi “Ulug‘bek xazinasi” romani dunyoning ellikka yaqin tillariga tarjima qilingan.
Ushbu tarixiy romanda ulug‘ astronom bobomizning ilm-fan yo‘lida chekkan zahmatlari, fidokorona va og‘ir sinovlarga to‘la hayot yo‘li, nainki xalqimiz, balki butun insoniyatga qoldirgan boy ilmiy-ma’rifiy merosi haqida g‘oyat ta’sirchan va hayajonli tarzda hikoya qilinadi. Shubha yo‘qki, buyuk bobomiz Mirzo Ulug‘bek qoldirgan bebaho xazina bugun insoniyatning taraqqiyoti, zamonaviy ilm-fan uchun ham xizmat qilmoqda. Shu sababli ham ustoz ijodkor Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani jahon kitobxonlari va jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Kelgusi yilda Odil Yoqubovning “Qo‘hna dunyo” romanini ingliz tiliga tarjima qilib nashr etish ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova,
O‘zA