Odil Yoqubov – mohir tarjimon, munaqqid va publitsist xotirasi
Bugun O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavallud topgan kun. Adib 1926 yil 20 oktyabr kuni Janubiy Qozog‘iston viloyati Qarnoq qishlog‘ida tug‘ilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1955-59), «Literaturnaya gazeta»ning O‘zbekistondagi maxsus muxbiri, «O‘zbekfilm» kinostudiyasi va O‘zbekiston davlat kinematografiya qo‘mitasida bosh muharrir (1963-67), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari (1970-82) vazifalarida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi bosh muharriri (1982-87), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining birinchi kotibi (1987-91), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qo‘mitasi raisi (1991 yildan) va Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasining birinchi vitse-prezidenti (1995 yildan) bo‘lib ishlagan.
Dastlabki asari — «Tengdoshlar» qissasi 1951 yilda e’lon qilingan. «Dastlabki qadam» (1953), «Ikki muhabbat» (1955) hikoyalar to‘plami, «Tilla uzuk» (1961) qissa va hikoyalar to‘plamida muhabbatni insonga xos ulug‘, muqaddas xislat sifatida tasvirlaydi. «Muqaddas» qissasida (1960) Odil Yoqubovning chinakam yozuvchiga xos uslubi va yo‘li namoyon bo‘ldi.
«Ulug‘bek xazinasi» romani (1973) olim va hukmdor Ulug‘bek davridagi ijtimoiy munosabatlar, olis o‘tmishimizdagi nur va zulmat o‘rtasidagi kurash haqidagi asardir.
Chingiz Aytmatov o‘z maktubida mazkur asar haqida shunday deydi:
«Bugun men chuqur mamnuniyat bilan, vijdon amriga itoat etgan holda, senga allaqachon yo‘llashim lozim bo‘lgan ushbu xatni yozmoqdaman. «Ulug‘bek xazinasi»ni, garchi bir oz kechikib bo‘lsada, zo‘r qiziqish va maroq bilan o‘qib chiqdim. Yaxshi kitob haqida zavq bilan yozish mumkin. Sening asaring yuksak proza namunasidir. Badiiy jihatdan barkamol bo‘lgan bu tarixiy roman haqiqatan meni larzaga soldi. O‘quvchini to‘lqinlantira olish mumtoz san’at asariga xos birlamchi alomatdir. Yana men bu safar turkiy xalqlar vakili sifatida chuqur mamnuniyat va g‘urur-iftixor hissini tuydim».
Adib «Ko‘hna dunyo» (1982) romanida o‘rta asrda yashab jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan olimlar Ibn Sino va Beruniyning fojiali taqdiri qalamga olingan.
«Diyonat» (1977), «Oq qushlar, oppoq qushlar» (1988), «Adolat manzili» (1998) romanlarida o‘zbek xalqining 20-asrning 60-70 yillaridagi hayoti va kurashi manzaralari haqqoniy tasvirlangan.
Odil Yoqubov «Chin muhabbat» (1955), «Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi», «Yurak yonmog‘i kerak» (1958), «Olma gullaganda» (1961), «Muzaffar Temur» (1996), «Bir koshona sirlari» (2000) kabi pesalar, «Dilbarim», «Bahor yomg‘irlari» kinossenariylari (1971) muallifi.
Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977), «Do‘stlik» (1994), «El-yurt hurmati» (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.
Odil Yoqubov mohir tarjimon, munaqqid, publitsist edi. U Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov va boshqalar ijodiga bag‘ishlangan adabiy portret va maqolalar yozdi. Asarlari chet tillarga, shuningdek, qardosh turkiy xalqlar tillariga tarjima qilindi. Odil Yoqubov ijodi haqida adabiyotshunoslar Matyoqub Qo‘shjonov, Ozod Sharafiddinov, Leonid Terakoyan, Umarali Normashov, Norboy Xudoyberganov, Botir Norboyev va boshqalar ilmiy tadqiqot ishlari qilishgan. Odil Yoqubov 2009 yil 21 dekabr kuni Toshkent shahrida vafot etdi.
O‘zA