Odamlar ishonchi har qanday unvondan a’lo
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi safida bugun 16 mingdan ziyod tadbirkor ayollar bor. Ularning aksariyati shaxsiy tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan, mo‘maygina daromad topayotgan, oilasiga foyda keltirayotgan ishbilarmon ayollardir.
Ayol tadbirkorlar muammolari, eksport masalalari, xomashyo, o‘zaro munosabatlar, hamkorlik rishtalari – bular hammasi assotsiatsiyaning ko‘magida hal qilinayotgan masalalar. “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi rahbari Gulnora Mahmudova bilan suhbatimiz ham aynan tadbirkor ayollar hayotidagi o‘zgarishlar, yutuqlar xususida kechdi.
— Inson bugungi yutuqlarini qadrlashi uchun ba’zida kechagi qiyinchiliklarni ham xotirlab turishi kerak, deyishadi. Uzoq yillardan beri tadbirkor ayollarga rahbarlik qilib kelyapsiz. Ilk faoliyatingizni boshlagan paytlaringiz qanday muammolarni yechishga muvaffaq bo‘ldingiz?
— 1991 yilda mustaqillik tufayli ayollar tadbirkorligi harakatiga asos solindi. O‘shanda men ham mustaqillik bilan ulg‘aydim, u bilan birga tajriba orttirdim, qoqildim, yiqildim, o‘rnimdan turib, yana oldinga intildim, omad quchdim...

Ustozlarimiz bilan birga kichkinagina yutuqlarimizdan quvondik, oldimizga katta maqsadlar qo‘ydik. O‘y tashvishlarimiz ham o‘shanga yarasha bo‘ldi. Yurtimiz, o‘zimiz, ayollarimiz, jamiyatimiz ulg‘aydi. Ancha yillar mobaynida Toshkent viloyati tadbirkor ayollar assotsiatsiyasini boshqardim. Bilasizmi, o‘sha vaqtda birma-bir har bir tuman, qishloq, har bir oilaga kirib borib, ishsiz ayollar turmush tarzi bilan yaqindan tanishganman. Yuzlab ayollar bilan yuzma-yuz uchrashganman. Uyda o‘tirgan opa-singillarimiz biron-bir ishning boshini tutib, biznesga qo‘l urishga qo‘rqishardi, kredit, uning foizi nima, biznes g‘oyani qanday boshlash kerak, tadbirkorlik faoliyatiga ilk qadam tashlash ular uchun juda qiyin edi. Chet elga chiqib saboq olish, hamkorlik rishtalarini o‘rnatish, xalqaro konferensiya, forumlarda qatnashish ular uchun juda katta muammo bo‘lgan. Eng yomoni – qo‘rquv, o‘ziga ishonmaslik, kelajakka ishonch yo‘q edi.
Bugun safimizda 16 mingdan ziyod ayollar tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, oilalari kelajagi uchun salmoqli hissa qo‘shmoqda. Ularni ko‘rib ko‘zim quvnaydi, bugungi tadbirkor – elga madadkor, oilasiga ko‘makdosh.
— Assotsiatsiyaning bugungi kunda xalqaro hamjamiyat oldidagi obro‘si nimalarda deb o‘ylaysiz?
— Bugun bizga alohida iftixor va g‘urur, hurmat bilan murojaat qilgan davlatlar talaygina. Ular qatorida Germaniya, Gollandiya, AQSH, Avstriya, Malayziya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Misr, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, yaqin va olis xorijiy davlatlardagi hamkorlarimizdir.
Assotsiatsiyamiz a’zo tadbirkorlari hozirgi kunda o‘ziga ishongan, tajribali, yuqori malakali, mas’uliyatni chuqur tushunadigan, kezi kelganda muammoning tagiga yetmaguncha tinib tinchimaydigan, vaqti kelsa oilasini ham, farzandlarini ham o‘ziga ko‘makdosh qila oladigan ayollardir. Shakllanib ulgurgan tadbirkor ayollarimiz endi xalqaro hamkorlik masalalari bilan qiziqmoqdalar. Ularni bugungi kunda mahsulotlarini tashqi bozorga muvaffaqiyatli olib chiqish, bizneslariga xorijiy investor va hamkorlarni jalb qilish kabi jihatlar qiziqtirmoqda. Shunga monand rivojlangan davlatlarga biznes safarlar davomida ayollarimiz xorijlik hamkasblarining ish faoliyati bilan tanishibgina qolmay, xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazmalar ishida ishtirok etib, o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda. Tajriba orttirib, kerakli hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda.

— Deputat ayol sifatida bugun sizni qiynayotgan muammolar nimada? Ularni yechish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi kerak deb o‘ylaysiz?
— Ko‘pchilik qatori hayot atalmish maktabdan gohida baxt topsam, goho aziyat chekdim. Bir qo‘shiqda aytilganidek, “mening yillarim – mening boyligim!”. Ayollar bilan uzoq muddat ishlaganim uchun ularni yaxshi bilaman, hayotni, siyosatni yaxshi tushunaman, degan xulosada yashayman. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Toshkent shahar kengashi 10-Bo‘z okrugidan saylangan deputat sifatida mahalladagi oddiy odamlar hayoti, dardi va muammolari bilan bog‘liq faoliyatim berayotgan tajriba menga qaytadan hayotni o‘rgatayotgandek. Deputat sifatida bu tajriba maktabiga o‘zing bilmagan holda kirib boraverar ekansan...
bugungi kunda odamlar deputatlarga ortiqcha mulozamat, til yog‘lamalik qilib o‘tirishmaydi. Harakat va ishlaringizga qarab muomala qilishadi. Bugun mahalladagi odamlarning ishlarimdan mamnun ko‘zlarini, ishonchini ko‘rdim, minnatdorchiliklarini eshitdim. Katta halqaro minbarlarda eshitgan maqtovlardan ham shirin tuyuladi bu e’tirof! Chunki mahallalarda nogironlar, e’tiborsiz qolib ketgan yakka-yolg‘iz keksalar, yordamga muhtoj xotin-qizlar taqdiridagi kichkinagina bo‘lsa ham yaxshi o‘zgarishlarga daxldor ekanligimni sezdim.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alpomish mahallasida sport maydoni qurildi hamda yangi asfalt yotqizildi, Turon mahallasidagi 71-o‘rta maktabning tom qismini ta’mirlashga ham o‘z hissamizni qo‘shdik, o‘nlab muhtoj fuqarolarimizga amaliy yordam ko‘rsatdik. 2-sonli bolalar jarrohlik klinik shifoxonasiga laporoskopik apparat olib berishda moddiy yordam ko‘rsatildi. Hali esa qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, amalga oshiriladigan rejalarimiz talaygina. Biz deputatlar xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prik rolini bajaramiz. Shunday ekan, qanchalik muammolarni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatar ekanmiz, shunchalik bu jamiyatga ishonch ortaveradi. Vaqt – oltin! Deputatlik faoliyati moddiyatsiz, o‘ziga yarasha vaqtni band qiladi, lekin bu hayot maktabi ham menga bekorga berilmaganini ko‘proq anglab boryapman.
— Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvini nafaqat iqtisodchilar, balki butun xalqimiz qiziqish bilan kuzatdi, tingladi. Ushbu uchrashuv tadbirkor xotin-qizlarga qanday imkoniyatlar beradi, deb o‘ylaysiz?
— Tan olish kerak, oxirgi yillarda tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bir qator qaror va farmoyishlar qabul qilinmoqda. Maqsad bitta – o‘sha eng chekka hududlarda yashayotgan opa-singillarimiz ham qaddini ko‘tarsin, o‘ziga mos va xos hunar o‘rgansin, oilaviy tadbirkorlik qilib farovon hayot uchun intilib yashashsin.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi. Prezidentimiz tadbirkor ayollarimiz dardi, muammolarini eshitdi, taklif-mulohazalari bilan tanishdi, bu albatta, o‘z natijasini beradi. Bu uchrashuv ayollarimizga yaxshi kayfiyat, ko‘tarinki ruh, tadbirkorlik faoliyatini olib borishlarida kuch bag‘ishlaydi, deb o‘ylayman. Maqsadimiz, Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etish, hukumatga yelkadosh bo‘lish, bor tajriba va malakamizni mamlakat iqtisodi rivojiga safarbar etish.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA