Obod mahalla — farovon hayot mezoni
Mahalla — inson qadri e’zozlanadigan, hamjihatlik va bag‘rikenglik qaror topgan muqaddas maskan. Shu bois keyingi yillarda yurtimizda mahallalar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, aholi yashash sharoitini yaxshilash va hududlarni yanada obod etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
— Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Guliston tumanida ham “Mahallalarda obodlik va mehr-saxovat oyligi” yuqori saviyada tashkil etildi. Bugun tumanning barcha mahallalarida hasharlar, sanitariya-tozalik tadbirlari, ta’mirlash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari keng quloch yoygan,— deydi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Guliston tuman bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Xushmurodov.

Ayni paytda Guliston tumanida 24 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda qariyb 17 ming 938 ta xonadon, ushbu xonadonlarda esa 86 ming 400 nafar aholi istiqomat qiladi. Oylik doirasida amalga oshirilgan ishlar hajmi esa bugunning o‘zidayoq salmoqli natijalarni namoyon etmoqda.

Xususan, 83 ta xonadonda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 24 ta xonadonning tom qismi ta’mirlandi, 71 ta uyning tashqi fasadi tartibga keltirildi. Shuningdek, 56 ta oshxona, 26 ta yuvinish xonasi, 26 ta tandirxona ta’mirlandi, 6 ta xonadonning eski oyna romlari yangisiga almashtirildi.
Hududlarni ozoda saqlashga ham alohida e’tibor qaratildi. 552 ta xonadonga qarashli 6 ming 346 sotix yer maydoni begona o‘tlardan tozalandi. 36 ta ko‘p qavatli uydan 33 tasida ta’mirlash va sanitariya ishlari bajarildi. 363 metr ariq va lotoklar tozalandi, ko‘p qavatli uylardagi 99 ta kirish yo‘lagi tartibga keltirildi, ularning 6 tasi ta’mirlandi. Bundan tashqari, 1 485 tup manzarali daraxtga shakl berilib, mahallalar ko‘rki yanada ochildi.
Ushbu ishlarga jami 279 million 348 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Mablag‘ning 118 million 270 ming so‘mi mahalla jamg‘armasi, 99 million 682 ming so‘mi homiylar, 53 million 869 ming so‘mi esa xonadon egalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu raqamlar mahallalarni obod qilishda davlat, jamoatchilik va aholining bir maqsad yo‘lida birlashganini ko‘rsatadi.

Tumandagi Ahillik mahallaсиda ham bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. 3 ming 234 nafar aholi istiqomat qilayotgan ushbu mahallada dehqonchilik, chorvachilik va xizmat ko‘rsatish sohalari aholi daromadining asosiy manbai hisoblanadi.
Joriy yilda mahallada 65 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Ularning bir qismi doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, boshqalari tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi yoki o‘zini o‘zi band qildi.

Infratuzilmani yaxshilash borasida ham qator loyihalar amalga oshirildi. 106 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, 7,5 kilometr SIP elektr tarmog‘i tortildi. Ikkita yangi transformator ishga tushirildi, yana ikkitasi ta’mirlandi. Hozirda 8,3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i va 10 kilometr kanalizatsiya tizimi yangilanmoqda. Olti ko‘cha quyosh panellari asosida ishlaydigan zamonaviy tungi yoritish chiroqlari bilan ta’minlandi.

Shuningdek, aholini yillar davomida qiynab kelgan yo‘l va sug‘orish muammolari ham yechim topmoqda. Olti ko‘cha asfaltlashtirildi, Paxtakor kanali kapital ta’mirlanib, tomorqalar hamda fermer xo‘jaliklariga suv yetkazib berish imkoniyati ancha yaxshilandi.

Mahallada aholi bandligini yanada oshirish maqsadida Istiqlol ko‘chasida uzunligi 500 metr bo‘lgan uzum toki so‘risi barpo etilmoqda. Kuz mavsumida bu yerga uzum ko‘chatlari ekilib, loyiha mahalla aholisi uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
— Mahallamizda obodonlashtirish ishlari aholining bevosita ishtirokida amalga oshirilmoqda. Har bir ko‘chaning qiyofasi, har bir xonadonning tartibi mahalla obro‘si ekanini yaxshi anglaymiz. Shu bois bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etganmiz. Kamchiliklar, muammolar yo‘q emas, albatta bor. Biroq ularni mahalla yettiligi, faollar va fuqarolar bilan birgalikda qisqa muddatda bartaraf etamiz, — deydi “Ahillik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Yusufjon Miltiqboyev.


Darhaqiqat, mahallalarda kechayotgan bugungi bunyodkorlik ishlari faqat hudud qiyofasini o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. Eng muhimi, ular insonlarning turmush sifati va kayfiyatini yaxshilashga, hamjihatlik va daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Zero, obod mahalla — farovon hayotning eng ishonchli poydevoridir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri