Obod mahalla – farovon hayot mezoni
Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi “Foziltepa” mahalla fuqarolar yig‘ini obod va farovon mahalla sifatida tumanda ibrat bo‘layotgan hududlardan. Ayniqsa, Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida amalga oshirilayotgan ishlar maskanda yangi taraqqiyot bosqichini boshlab bermoqda.
Bugungi kunda mahallada 1165 xonadonda 4793 nafar aholi istiqomat qiladi. Har bir oila, har bir xonadon manfaati mahalla yettiligining diqqat markazida.
Foziltepada aholi turmush darajasini yaxshilash, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, nuroniylarni e’zozlash, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-29736]
Mahallaning iqtisodiy faolligida savdo va ishlab chiqarish sohalari muhim o‘rin tutadi. Hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar nafaqat o‘z biznesini rivojlantirmoqda, balki yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi bandligini ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikning rivojlanishi aholining daromad manbalarini kengaytirish, yoshlarni ish bilan ta’minlash va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mahallada shu kunlarda amalga oshirilgan ahamiyatli ishlardan biri – ikki tor ko‘chada joylashgan bolalar maydonchalarining ta’mirlanganidir. Ushbu xayrli tashabbus tadbirkorlar va nuroniylar hamkorligida amalga oshirildi. Natijada bolalar uchun xavfsiz, shinam va zamonaviy o‘yin maydonlari barpo etildi. Manzilda bolajonlarning quvnoq kulgisi yangramoqda, ularning mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Bu kabi ishlar yosh avlodning jismoniy va ma’naviy kamolotiga xizmat qilishi bilan birga, mahallada sog‘lom ijtimoiy muhit shakllanishiga ham zamin yaratadi.
Mahalla infratuzilmasini yaxshilash ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, ayni paytda mahalla ko‘chalariga asfalt yotqizish ishlari davom ettirilmoqda. Zamonaviy qiyofa kasb etayotgan yo‘llar nafaqat transport harakatini yengillashtirmoqda, balki mahallaning tashqi ko‘rinishini ham yaxshilamoqda. Bu kabi amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aholi roziligiga xizmat qilmoqda.
Hududdagi Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati aholiga kommunal xizmatlarni sifatli ko‘rsatish, uy-joylar holatini nazorat qilish va obodonchilik ishlarini muvofiqlashtirishda faol ishtirok etayotir.
Mahalla raisi Obidjon Rayimov rahbarligidagi mahalla yettiligi aholi murojaatlarini o‘rganish, muammolarni joyida hal etish ishlarini olib bormoqda. Raisning tashabbuskorligi, aholi bilan yaqin hamkorligi va mahalla taqdiriga daxldorlik hissi ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratmoqda. Eng muhimi, mahallada har bir ish inson manfaati va aholi roziligi asosida tashkil etilmoqda.
Foziltepa mahallasida nuroniylarning o‘rni alohida. Ular o‘z hayotiy tajribasi, maslahatlari bilan yoshlarga namuna bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, mahalla tinchligi, oilalar mustahkamligi va yoshlar tarbiyasida ularning hissasi beqiyos.
Mahallada o‘tkazilayotgan hasharlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va obodonchilik ishlari jamoaviy hamjihatlikning yorqin namunasidir.
Bugun Foziltepa mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatimizda mahalla institutini yanada mustahkamlash, aholi turmush darajasini oshirish va jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat muhitini qaror toptirishga qaratilgan ezgu islohotlarning amaliy ifodasidir.
Kamola Yusupova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA