Dizayn sohasi vakillari eronlik mutaxassislar bilan tajriba almashdi
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish va talabalarning kasbiy mahoratini xalqaro andozalar darajasida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bois, sohaga xorijiy tajribani jalb etish va yetakchi mutaxassislar bilan tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yaqinda dizayn yo‘nalishida tahsil olayotgan bo‘lajak ijodkorlar uchun eronlik tajribali mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan mahorat darslari mana shunday amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Xususan,Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida Eron Islom Respublikasining “Orsham Collection" tashkiloti vakillari, libos gazlamalari bo‘yicha professor Hoda Hosseini hamda turizm va agroturizm sohasi mutaxassisi Majid Zamani bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrif avvalida mehmonlar institut galereyasiga tashrif buyurib, unda O‘zbekiston Xalq rassomi Rustam Xudayberganovning 80 yoshga to‘lishi hamda 35 yillik pedagogik faoliyatiga bag‘ishlangan «O‘zimni izlab» nomli shaxsiy ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Shundan so‘ng, mehmonlar tomonidan institutning muzeyshunoslik va dizayn yo‘nalishi talabalari uchun mahorat darslari tashkil etildi.Ushbu darslar talabalarga nafaqat nazariy bilimlarini boyitish, balki Sharq dizayn maktabining noyob an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini ham taqdim etdi.
Uchrashuv davomida talabalar bugungi dizaynerlik sohasi, matosozlik, paxtachilik, matolarga rang berish texnologiyalar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
G.Boboyeva,O‘zA