O‘zbekiston turizm salohiyatining namoyishi
Tokioda bo‘lib o‘tgan «JATA Tourism Forum&Travel Showcase – 2014» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi.
Tokioda bo‘lib o‘tgan «JATA Tourism Forum&Travel Showcase – 2014» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi.Tarixiy va madaniy yodgorliklar soni bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birida turuvchi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati izchil rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, farovonlik bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. Yangi sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etilib, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi ko‘paymoqda. Bu Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir. «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasi xalqaro sayyohlik ko‘rgazma va yarmarkalarida faol ishtirok etib, mamlakatimizning bu boradagi salohiyatini keng namoyish qilmoqda.
«JATA Tourism Forum&Travel Showcase – 2014» Osiyo-Tinch okeani mintaqasining nufuzli yirik sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri hisoblanadi. Tashkilotchilarning fikricha, unda har yili dunyoning 150 dan ortiq davlatidan mingga yaqin eksponent ishtirok etadi. Joriy yilda ko‘rgazmada Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlarining sayyohlik firmalari, temir yo‘l va aviakompaniyalari, mehmonxona va restoran biznesi namoyish etildi.
O‘zbekistonning milliy an’analarimiz hisobga olingan holda tayyorlangan milliy stendi chiroyli dizayni va mazmuni bilan ishtirokchilar e’tiborini tortdi. Stend “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi, «Dolores Travel», «ABDA Travel», «Sheherezade Voyages», «Asia Adventures», «Sole Vita» va boshqa yetakchi sayyohlik operatorlari ekspozitsiyalarini o‘zida mujassam etgan. Ishtirokchilar e’tiboriga mamlakatimiz qadimiy shaharlarining diqqatga sazovor joylari haqida hikoya qiluvchi buklet va fotoalbomlar, xalq amaliy san’ati namunalari havola etildi. Boshqa davlatlarning vakillari O‘zbekistonda milliy sayyohlik infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaralari bilan tanishtirildi.