O‘zbekiston sportchilarining dastlabki medallari
O‘zbekistonlik sportchilar XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida faol ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishmoqda.
Incheon. O‘zA maxsus muxbiri Mehribon Mametova xabar qiladi.
O‘zbekistonlik sportchilar XVII yozgi Osiyo o‘yinlarida faol ishtirok etib, yaxshi natijalarga erishmoqda.
Musobaqaning dastlabki kunlarida sportchilarimiz suzish va eshkak eshish bo‘yicha saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Tennis bo‘yicha erkaklar terma jamoamiz Saudiya Arabistoni terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga chiqdi. Endi ular Janubiy Koreya terma jamoasi bilan kuch sinashadi.
Og‘ir atletika bo‘yicha vazni 48 kilogrammgacha bo‘lgan xotin-qizlar musobaqasida hamyurtimiz Mahliyo Tog‘ayeva ajoyib natija ko‘rsatdi. Ikkikurash bo‘yicha 187 kilogramm natijaga erishib, delegatsiyamiz hisobiga dastlabki bronza medalni keltirdi.
– Bunday yirik sport musobaqasida terma jamoamiz hisobiga dastlabki medalni keltirganimdan xursandman, – deydi M.Tog‘ayeva. – Osiyo o‘yinlaridagi muvaffaqiyatim mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yosh va iqtidorli sportchilarga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir.
Dzyudo bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan Mirzohid Farmonov ham bronza medalni qo‘lga kiritdi.
– Terma jamoamiz medallar shodasiga o‘z hissamni qo‘shganimdan baxtiyorman, – deydi M.Farmonov. – Birinchi o‘rinni egallashni juda xohlagandim, ammo omad yetishmadi. Oldinda dzyudo bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Gran-pri bahslari va boshqa nufuzli bellashuvlar kutmoqda.
Sportchilarimiz velosport, futbol, gandbol, o‘q otish, suzish, tennis va boshqa sport turlari bo‘yicha bahslarni davom ettirmoqda.