O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatildi
Toshkent shahrida 15-yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahrida 15-yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovlar Konstitutsiyamiz hamda saylov qonunchiligimiz talablariga mos, umume’tirof etilgan xalqaro andozalar darajasida tashkil etilganini ta’kidladi.
Saylovlar natijasiga ko‘ra, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari parlament quyi palatasida eng ko‘p – 52 o‘ringa ega bo‘ldi. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashlarida 305, tuman (shahar) Kengashlarida 1805 deputatlik o‘rnini egallab, parlamentda fraksiya, joylardagi vakillik organlarida deputatlik guruhlari shakllantirildi.
Yig‘ilishda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega tadbir – 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zLiDePning ishtiroki bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi. Unda partiyadan nomzod ko‘rsatish xususidagi masala muhokama qilindi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomzodi ko‘rsatildi. Yig‘ilish ishtirokchilari bu taklifni bir ovozdan ma’qulladi.
O‘tgan yillar davomida davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida O‘zbekiston dunyoda o‘z obro‘-e’tibori va mavqeiga ega, barcha sohada izchil rivojlanayotgan mamlakat sifatida tan olindi. Xususan, o‘tgan davrda iqtisodiyotimizning qariyb 5 karra, aholi jon boshiga hisoblaganda 3,7-marta o‘sgani, odamlarning daromadlari 8,7 barobar ko‘paygani ana shunday ijobiy o‘zgarishlarning yaqqol dalilidir.
Anjumanda O‘zLiDeP siyosiy kengashi saylov qonunchiligida belgilangan muddatlarda Markaziy saylov komissiyasiga partiyaning Prezident saylovida ishtiroki bilan bog‘liq hujjatlarni topshirish bo‘yicha tegishli qaror qabul qildi.
* * *
Shu kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi H.Ketmonov va boshqalar mamlakatimizning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘li olamshumul taraqqiyot va o‘zgarishlar yo‘li bo‘lganini ta’kidladi. Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, barcha jabhalarni modernizatsiyalash, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishda ulkan yutuqlarga erishildi. Inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lidagi islohotlar, xalqimizning hayot darajasi va sifati, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar jahon miqyosida e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi barcha jabhalarni yanada ravnaq toptirishda muhim bosqichni boshlab berdi. Bu jihatlar milliy saylov tizimimizni jahon andozalari talablariga mos tarzda takomillashtirish, siyosiy partiyalar uchun imkoniyat va huquqlarning yaratib berilganida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, siyosiy partiyalarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va joylardagi vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylovlardagi faol ishtiroki davlat hokimiyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Plenumda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov nomzodi ko‘rsatildi. Bu taklif yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ma’qullandi.