Oʻzbek tili – millat gʻururi
Toshkent tumanidagi umumtaʼlim maktablari direktorlari va ularning oʻrinbosarlari imloviy savodxonlik boʻyicha imtihon topshirdi.
Toshkent tumanidagi umumtaʼlim maktablari direktorlari va ularning oʻrinbosarlari imloviy savodxonlik boʻyicha imtihon topshirdi.
Keyingi haftaning ilk kuni – 21-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganiga 30 yil toʻladi. Mazkur tarixiy hujjatga muvofiq, oʻtgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega boʻldi. Hozirgi kunda oʻzbek tili hayotimizning barcha jabhalari – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va sanʼat sohalarida faol qoʻllanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.
Oʻzbek tilining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur oʻrganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qoʻllanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pogʻonaga koʻtardi.
Hududlarda atoqli alloma va adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablarining barpo etilishi bu yoʻldagi yana bir muhim qadam boʻldi.
Mamlakatimiz boʻylab oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining shonli – 30 yilligi keng nishonlanmoqda. Ona tilimizning davlatimiz mustaqilligining maʼnaviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini aholi, ayniqsa yoshlar ongiga singdirishga qaratilgan targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 4-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida” qarori bu boradagi ishlar rivojida muhim huquqiy asos vazifasini oʻtayotir.
Mazkur hujjat ijrosiga muvofiq, Toshkent viloyatida ham oʻzbek tilining shakllanish tarixi, ona tilimizning hayotimizda tutgan oʻrni va ahamiyati, ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni talablari buzilishi bilan bogʻliq holatlar va ularning oldini olishga qaratilgan muhokama, targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda. Jumladan, Toshkent tumanida “Oʻzbek tili va uning yoshlar nutqidagi oʻrni” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda “Davlat tili haqida”gi qonun talablaridan kelib chiqib, ayni paytda soʻzlarni notoʻgʻri yozish, notoʻgʻri talaffuz qilish bilan bogʻliq kuzatilayotgan ayrim holatlar va ularning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, taʼlim muassasalarida “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganining shonli sanasini munosib nishonlash yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Tadbir doirasida tumandagi umumtaʼlim maktablari direktorlari va ularning oʻrinbosarlarining imloviy savodxonligi sinovdan oʻtkazildi.