Oʻz uyida tibbiy nazoratga olindi
Indoneziya davlatining Jakarta shahridan 54 nafar yurtdoshimiz charter reys bilan 24-mart kuni Buxoro viloyatiga olib kelingan edi.
Indoneziya davlatining Jakarta shahridan 54 nafar yurtdoshimiz charter reys bilan 24-mart kuni Buxoro viloyatiga olib kelingan edi. Ularning barchasi Buxoro tumanidagi “Joʻyzar” sanatoriysiga joylashtirilgan edi.
14 kunlik karantindan soʻng fuqarolarda olib borilgan chuqur tibbiy tekshiruvlar, laborator, maxsus test va boshqa diagnostik tahlillar natijasiga koʻra, hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmadi.
Xuddi shuningdek, shu yilning 25-mart kuni Rossiya Federatsiyasidan “Moskva-Buxoro” charter aviareysi orqali viloyatga olib kelingan 250 nafar fuqaro ham karantinga olingan va viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanserida saqlangan edi. Oʻtgan muddat ichida ana shu fuqarolardan yana 18 nafarida xavfli kasallik alomatlari qayd etilmaganligi sabab, jami 72 nafar vatandoshlarimiz uyiga joʻnatildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmatining xabariga koʻra, mutasaddi tashkilotlar tomonidan karantinda boʻlgan fuqarolarni kasallik tarqatish xavfi yoʻqligi bois yashash manzillariga yetib borishi uchun barcha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Boshqa viloyatlardan kelgan fuqarolar uchun maxsus poyezd tashkillashtirildi. Sanitariya-epidimeologiya qoidalariga rioya qilgan holda oʻz uylariga kuzatildi.
Ular uy sharoitida maʼlum muddat davomida hududiy shifokor va patronaj hamshiralar tomonidan tibbiy kuzatuvda boʻladi.