Oʻsimliklar klinikasi: amaliyot va samara
Andijonda viloyat oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining joriy yildagi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Andijonda viloyat oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining joriy yildagi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, inspeksiya mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda oʻsimliklar karantini, xususan, oziq-ovqat, ekin maydonlari xavfsizligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
Anjumanda Andijon viloyati oʻsimliklar karantini inspeksiyasi va uning tuman, shahar tizimlarida joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
– Joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida eksport mahsulotlari va import tovarlarni karantin nazoratidan oʻtkazish boʻyicha zarur ishlar olib borildi, – deydi Andijon viloyati oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbari Abdukarim Jalilov. – Jumladan, chegara postlarida faoliyat yuritayotgan oʻsimliklar karantini chegara maskanlarida yurtimizdan chiqib ketayotgan 79 ming 216,2 tonna eksport qilingan, 28 ming 402,9 tonna import qilingan oziq-ovqat, sanoat va boshqa turdagi mahsulotlar uchun xalqaro namunadagi fitosanitar sertifikatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirib berildi. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida faoliyatimiz kuchaytirilgan tartibda olib borildi. Sifatsiz mahsulotlarni aylanishiga aslo yoʻl qoʻyilmadi.
Inspeksiya mutaxassislari tomonidan “daladan – eksportgacha” tamoyili asosida yetishtirilayotgan meva va sabzavotlar, qishloq xoʻjaligi ekinlarini himoya qilish, xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ham salmoqli ishlar bajarildi. Xususan, mazkur sohada hududiy inspektorlar tomonidan 15 ming 579 dona dalolatnomalar tuzildi.
Viloyatdagi har bir tumanda oʻsimliklar klinikalari tashkil etilgan boʻlib, ayni kunda karantindagi va boshqa zararkunanda, kasallik va begona oʻtlarga qarshi kurash olib boruvchi 16 ta ana shunday klinika samarali faoliyat yuritmoqda.
Anjumanda Prezidentimizning 2020-yil 13-oktyabrdagi “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha ham zarur ishlar olib borilayotgani qayd etildi.
Inspeksiya tomonidan eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish va tayyorlash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari mutaxassislariga xalqaro standartlar va import qiluvchi davlatlarning fitosanitar talablari haqida bilim va maʼlumotlar berish boʻyicha muntazam ravishda maxsus oʻquv kurslari tashkil etildi.
Yuqorida qayd etilgan hujjatda oʻsimliklar karantini ilmiy markazi negizida oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazini, xususan, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida markazning zamonaviy laboratoriyalarga ega mintaqaviy filialini tashkil etish belgilangan. Anjumanda mintaqaviy filialni tashkil etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.
Ishtirokchilar Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida mazkur yoʻnalishda ish olib borayotgan laboratoriya faoliyati, shuningdek, kelgusida institut bilan hamkorlikda zamonaviy laboratoriyani tashkil etish boʻyicha mutaxassislarning fikr va mulohazalari bilan tanishildi.
Anjumanda murojaatlar bilan ishlash, targʻibot ishlarini tashkil etish va boshqa qator yoʻnalishlarda olib borilgan ishlar xususida ham maʼlumot berildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.