“Oʻquvchim 35 ta universitetga qabul qilindi”
Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir” degan fikrlari bugungi masalamizda juda topib aytilganday, nazarimda.
Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning “Dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir” degan fikrlari bugungi masalamizda juda topib aytilganday, nazarimda.
Bugungi yoshlarimizning bilim va koʻnikmalarini yana-da mustahkamlash, yangi gʻoya va iqtidorlarini toʻla namoyon etishlarida umumiy oʻrta taʼlim maktablarining alohida oʻrni bor.
Keyingi yillarda maktablarga 11 yillik taʼlimni qaytarilishi yoshlarning vatanparvar, yuksak maʼnaviyat egalari boʻlib ulgʻayishlariga xizmat qilmoqda.
Aslida ham rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo taʼlim tizimidan, bogʻcha, maktabdan boshlanganini koʻramiz. Maktabni maktab qiladigan kuch esa oʻqituvchilardir.
Fidoiy va jonkuyar ustozlar oʻquvchilarning fanlarni toʻla oʻzlashtirishlari, xalqaro maydonda ham oʻz iqtidorlarini namoyon etishlari uchun oʻquvchilarga zamonaviy pedagogik taʼlim standartlari asosida bor mehr-muhabbatni berib mehnat qilmoqda. Bu esa amalda oʻzini toʻla-toʻkis oqlamoqda.
Ana shunday iqtidorli yoshlar Yunusobod tumanidagi 250-maktab oʻquvchilari orasidan ham koʻpchilikni tashkil etadi. Misol uchun, 2019-2020-oʻquv yili bitiruvchilari Guliruhbonu Shokirova va Abdulboris Mirkomilov erishgan yutuqlar ustozlarga faxr-iftixor bagʻishlaydi.
Ular erishgan yutuqlar nafaqat maktab oʻquvchilariga, balki respublikamiz yoshlariga ham namunadir. Guliruhbonu Shokirova va Abdulboris Mirkomilov boshlangʻich sinfligidayoq maktab va tuman miqyosida oʻtkaziladigan fan olimpiadasi va turli koʻrik-tanlovlarda faol ishtirok etib faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Bu intilish, kelajakka boʻlgan ishonch oʻquvchilarni yuqori sinflarga oʻtish davomida serqirra iqtidorlari va intellektual bilimlari bilan turli musobaqa va bellashuvlardagi ishtirokida aniqlanib bordi.
Guliruhbonu Shokirova ona tili va adabiyot fanlaridan boʻlib oʻtgan bilimlar bellashuvi hamda fan olimpiadalarining tuman va shahar bosqichlarida faxrli I–II oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, turli mavzularda oʻtkazilgan insholar tanlovning Respublika bosqichida ham munosib oʻrinlarga sazovor boʻlgan.
Guliruhbonu Shokirova yurtimizning baxtli qizlaridan biri. U Yunusobod tumanidagi 250-maktabning “Oltin medal” bilan tamomlagan ilk qaldirgʻochlaridan hisoblanadi.
Shu taʼlim maskanining yana bir iqtidor egasi Abdulvoris Mirkomilov esa matematika fanidan tuman va shahar bosqichlarida oʻtkazilgan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib faxrli oʻrinlarga ega boʻlgan. Har ikkala oʻquvchilarining xorijiy tillarga boʻlgan qiziqishlari Xalqaro ingliz tilini bilish darajasida topshirgan imtihon natijalari Guliruhbonu Shokirovaga 7 ball, Abdulboris Mirkomilovga esa 5,5 ball bilan baholandi.
Har bir ezgu harakat oʻz samarasini beradi deganlaridek, yuqorida nomlari zikr etilgan bugungi kun yoshlari jahonning eng nufuzli universitetlariga hujjat topshirib talabalik baxtiga musharraf boʻldi.
Guliruhbonu Shokirova 33 ta, Abdulboris Mirkomilov 35 ta universitetiga talabalikka qabul qilindi.
Albatta, oʻquvchilarining bu kabi qoʻlga kiritayotgan yuksak yutuqlari kelajak avlodga namuna, ustoz-murabbiylarga faxr-iftihor, ota-onalarga farzandlar kamolini koʻrishdek, oliy baxtni tortiq aylamoqda.
Muxtasar aytganda, bularning barchasi yosh avlodning puxta va sifatli bilim olishi, oʻzi qiziqqan yoʻnalishi boʻyicha kasb-hunar egallashiga davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan katta eʼtiborning amaldagi ifodasidir.
Mohidil Mengliyeva,
Toshkent shahri Yunusobod tumani 250-maktab
ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi