O‘quv kursining ilk qaldirg‘ochlari
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Andijon viloyati kengashi qoshida tashkil etilgan “Yosh sardorlar akademiyasi” o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga sertifikatlar topshirildi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Andijon viloyati kengashi qoshida tashkil etilgan “Yosh sardorlar akademiyasi” o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga sertifikatlar topshirildi.Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk, yuksak salohiyatli insonlar etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir.
“Yosh sardorlar akademiyasi” o‘quv kursi yoshlarning faolligini yanada yuksaltirish, ularda yetakchlik qobiliyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Suhbat va test sinovlari asosida qabul qilingan 25 nafar tinglovchiga Bobur nomidagi Andijon davlat universitetining professor-o‘qituvchilari, huquqshunoslar, shifokorlar, “Kamolot” yetakchilari tomonidan davlatimiz tarixi va mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, yoshlar bilan ishlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish mavzularida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
– Ushbu o‘quv kursi “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning faolligini oshirish, “Kamolot” yetakchilariga uslubiy ko‘mak berish orqali ularning sardorlik, liderlik salohiyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi qoshidagi o‘quv-uslubiy markazning Andijon viloyati bosh koordinatori Akbar Abdullayev. – Bu yerda tinglovchi-yoshlar 2 oy mobaynida o‘quv rejasi bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashadi.
O‘quv dasturi doirasida tinglovchilar uchun sud, prokuratura idoralari vakillari bilan uchrashuvlar, ularning sardorlik va liderlik ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etildi.
Tadbirda o‘quv kursining ilk tinglovchilariga “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashining sertifikatlari topshirildi.