O‘qituvchilar uchun seminar o‘tkazildi
Poytaxtimizning Mirobod tumanida Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida pedagog-o‘qituvchilar uchun amaliy seminar o‘tkazildi.
Poytaxtimizning Mirobod tumanida Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida pedagog-o‘qituvchilar uchun amaliy seminar o‘tkazildi.Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, umumta’lim maktablari direktorlari, ularning ma’naviy-ma’rifiy tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimini tubdan modernizatsiya qilishga qaratilayotgan e’tibor, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining hayotga izchillik bilan tatbiq etilishi o‘sib kelayotgan yosh avlodning yuksak bilim va intellektual salohiyatga ega, har tomonlama barkamol voyaga yetishida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Seminarda davlatimiz rahbarining 2015-yil 17-iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori asosida barcha umumta’lim maktablarida “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” shiori ostida Mustaqillik darslarini tashkil etish, o‘g‘il-qizlar ongiga istiqlol ne’matlarining qadriga yetish, yurtimizdagi tinch-osuda hayot, jamiyatimizdagi o‘zaro hamjihatlik va bag‘rikenglik kabi ezgu tushunchalarni chuqur singdirish, “Biz kecha kim edigu, bugun kim bo‘ldik?” degan hayotiy haqiqatni tushuntirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
– Yangi o‘quv yilini samarali boshlash muhim vazifadir, – deydi Mirobod tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri Yaxshigul Shodiyeva. – O‘quvchi-yoshlarning ilk sabog‘i – Mustaqillik darslarida mamlakatimizda barcha sohada olib borilayotgan ishlarning ulkan samaralari, yoshlarga oid davlat siyosatining mohiyati va uning yoshlar kamolotida tutgan o‘rni targ‘ib qilinadi, dunyo sivilizatsiyasiga katta hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz haqida ma’lumotlar beriladi. Maqsadimiz yoshlarimizning yaxshi o‘qib, zamonaviy kasb-hunarlarni egallab, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishini ta’minlashdir. Shu bilan birga, mazkur darslar o‘quvchi-yoshlar ongida ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda “Vatan nima?”, “Vatanimiz rivoji va yutuqlarida mening qanday hissam bor?”, “Mustaqillik – ulug‘ ne’mat!”, “Vatanni himoya qilish – mening burchim!” mavzularida sho‘ba yig‘ilishlari tashkil etildi. O‘qituvchilarga Mustaqillik darslarini tashkil etish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar berilib, namunaviy dars taqdimotlari o‘tkazildi.