Oʻqituvchi “oladi”(mi?), ota-ona “beradi”(mi?)
Bilishingiz muhim boʻlgan bir jihat bor, ehtimol bu haqda eshitib, guvohi ham boʻlgandirsiz.
Mulohaza uchun mavzu
Bilishingiz muhim boʻlgan bir jihat bor, ehtimol bu haqda eshitib, guvohi ham boʻlgandirsiz. Ota-onalar majlisi, telegramdagi gruppalarda har bir fikr almashinuv homiylik yordami berish insoniylik burchi hisoblanadi, degan soʻzlar bilan boshlanib, homiylik qilish oʻz farzandimiz kelajagi uchun, deb yakunlanadigan boʻlib qoldi. Odatiy majlislarning, yigʻ-yigʻning yangicha turi bu.
Ha, albatta, bu jarayonga oʻqituvchilar aralashmaydi. Axir uning ignacha gaplarini tuyacha qilib, yetkazuvchi “ota-onalar qoʻmitasi raisi” bor-ku.
Maʼlumki, yaqinda Vatan himoyachilari kuni bayramini nishonladik. Barcha taʼlim maskanlarida koʻtarinki ruhda oʻtgan bayramda, albatta, mard va jasur yigitlarimiz, himoyachilarimiz, suyanch qalqonlarimiz, hatto kichik farzandlarimizni ham tabrikladik. Sovgʻa-salomlar qildik.
Shu bayram atrofidagi “dedi-dedi-yu, ber-berlar” haqida telegramimga shu mazmundagi xabar kelib tushdi.
“Oʻgʻlim 6-sinf, qizim esa 3-sinfda oʻqiydi. Bayramda qizim sinfdosh bolaga olib boradigan sovgʻasini uyda qoldirib ketibdi. Pul yigʻishga hamma ota-ona koʻnmagani uchun qizlarimizdan oʻgʻil bolalar uchun qoʻlimizdan kelgancha sovgʻalarni berib yuborishimiz kerak edi. Sinfda oʻgʻil bolalarga qizlar olib borgan sovgʻalar berilgach, ustozi qizimdan nega sovgʻa olib kelmaganini soʻrabdi. Uning gapiga ishonmay, javobiga qanoat ham qilmay, yuqori sinfda oʻqiydigan akasini chaqirib, dakki beribdi. Oʻquvchilarning oldida izza qilibdi. Oʻgʻlim juda xafa boʻlib keldi, qizim ham... Ertasi kuni bervordim, albatta. Baʼzi onalar telefon qilib, 8-martda xafa boʻlib qolmaysizmi?..., deyishgacha bordi.”
Eh, ustozlar, eh, ota-onalar...
Davlatimiz rahbari umumiy oʻrta taʼlim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazgan edi. Unda oʻqituvchilar bolalar bilan ishlash oʻrniga, ota-onalardan pul yigʻish, turli tekshiruvchi komissiyalarni “rozi qilish” bilan ovora boʻlib qolgani, bu esa oʻquvchilarning qarovsiz qolishi, tarbiyasi buzilishi va ayrim hollarda turli zararli oqimlarga qoʻshilishi holatlarini keltirib chiqarayotgani tanqid qilingan edi.
Shundan soʻng, umumiy oʻrta taʼlim sohasidagi islohotlarni jadallashtirish, taʼlim sifatini keskin yaxshilash, oʻqituvchilar obroʻsini oshirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, oʻquv-tarbiyaviy va boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish, pedagog masʼuliyatini oshirish yoʻlida izchil islohotlar amalga oshirilyapti.
Lekin...
Shu lekin soʻzining ortida yashirinib yotgan muammolar, tushunmovchiliklar, kamchiliklar qalbimizni ozorlaydi. Farzandlarimiz taqdiridan tashvishlanishga majbur etadi.
– Bizda pul yigʻdi-yigʻdilariga oʻqituvchisi aralashmaydi, – deydi poytaxtlik Mohira Qayumova. – Faol onalar bor. Bermasak ham hech narsa deyishmaydi. Lekin qilsak oʻz bolamiz uchun qilibmiz, deb aytishgandan keyin hamma beradi. Homiylik yordami bu deb yigʻiladi. Ammo imkoniyati yetmaydiganlar ham ertaga ota-ona va oʻqituvchi bolasini “qoʻlini bigiz qilib” koʻrsatmasligi uchun rozi boʻladi. Qizim boshlangʻich sinfda oʻqiydi. Darsdan keyin baʼzi kunlari qoʻshimcha darslarga qoladi (kuniga besh ming soʻm). Qizimning aytishicha, ustozi kerakli fandan doskaga yozib berar ekan, oʻquvchilar koʻchirar ekan. Bilishimcha, qoʻshimchada hech narsa tushuntirilmaydi. Qoʻshimcha mehnat pullik boʻlishi tabiiy hol. Tushunaman. Lekin farzandimiz uchun sarflayotgan sarmoyamiz havoga uchmayaptimi, deb oʻylab qolaman.
Buyogʻi qandoq boʻldi?
– Yigʻ-yigʻlar rasman taqiqlandi, ammo homiylik qilish “shart”, – deydi Sharofat aya Mirzaqodirova. – Buni har ota-onalar majlisida his etib turamiz. Nevaramning majlislariga oʻzim boraman, shuning uchun bu kabi ishlarning ichidaman. Albatta, barchamiz farzandimizning toza-ozoda va har tomonlama qulayliklarga ega sinfda oʻqishini istaymiz. Kuni kecha onalar oʻrtasida gap chiqdi: “Sinf uchun yo televizor yoki kuler olish kerak
emish...” Bayramlaru, oʻqituvchining tugʻilgan kuniga “koʻnglimdan chiqarib qildim”, deb sovgʻa-salom qiladiganlarniku gapirmasayam boʻladi. Bitta-ikkita odam shunday qilgach, qovun qovundan rang olmaydimi? Maktabgacha taʼlim muassasasiga ham kichik nevaram boradi. Bayramda “kelinglar, pul yigʻib ustoziga sovgʻa qilib pulni berib qoʻya qolamiz” deyishdi. Shunda bir yosh kelinchak “siz bugun pulu sovgʻa-salom qilib qoʻlga oʻrgatib qoʻysangiz, imkoniyatimiz bor, biz berarmiz, ammo bu illatni odatga aylantirib qoʻymaymizmi?” dedi. Bu haq gap.
Taʼlim, xususan, maktabgacha taʼlim va umumtaʼlim maktablaridagi jarayonlar hayotimiz bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois oʻylab koʻring, biz “berayapmiz”, u “olayapti” va keyin “soʻrayapti”. Shunday ekan, korrupsiyaning ildiz otishida oʻzimiz aybdormizmi?