Nyu-Dehli sammiti: Markaziy Osiyo global siyosatning yangi arxitekturasini chizmoqda
2026-yilning 14-15-may kunlari Nyu-Dehli shahri navbatdagi muhim voqelikka mezbonlik qildi. BRIKS Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida Markaziy Osiyoning ikki yetakchi davlati — O‘zbekiston va Qozog‘istonning faol ishtiroki mintaqaning xalqaro maydondagi strategik maqomi tubdan o‘zgarganini yana bir bor tasdiqladi. Ushbu uchrashuv shunchaki diplomatik tashrif emas, balki Markaziy Osiyoning yangi ko‘p qutbli dunyo tartibotini shakllantirishdagi faol ishtiroki sifatida tarixga kirdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aloyev va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Yerjan Ashiqbayevning chiqishlarida Markaziy Osiyoning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi tabiiy ko‘prik ekaniga alohida urg‘u berildi. Bugungi kunda mintaqa faqatgina geografik hudud emas, shu bilan birga xalqaro transport va logistika yo‘laklarining boshqaruv markaziga aylanmoqda.
Qozog‘istonning transkontinental aloqalarni rivojlantirish tashabbusi va O‘zbekistonning mintaqaviy integratsiya orqali iqtisodiy diversifikatsiyaga erishish strategiyasi BRIKS mamlakatlari uchun yangi va barqaror savdo yo‘llarini va’da qilmoqda.
Nyu-Dehlidagi muloqotlarning eng muhim jihati rivojlanayotgan davlatlarning xalqaro institutlardagi rolini oshirish talabi bo‘ldi. O‘zbekiston vakili ta’kidlaganidek, global institutlar bugungi kun voqeliklariga mos ravishda isloh qilinishi shart.
O‘zbekiston va Qozog‘istonning 2025-yildan boshlab BRIKS hamkor mamlakati maqomiga ega bo‘lgani esa mintaqaning ushbu klub bilan munosabatlari naqadar tizimli va natijaga yo‘naltirilganligini ko‘rsatadi. Bu jarayon dunyo tartibotining yanada adolatli, inklyuziv va muvozanatli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo vakillari BRIKS maydonida xom ashyo qatori yuqori texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni taklif qildilar. Zero, O‘zbekistonning innovatsiyalarga asoslangan rivojlanish modeli mintaqaning kelajakdagi iqtisodiy qiyofasini belgilab beradi. Texnologik almashinuv va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ilgari surilgan takliflar Markaziy Osiyoning “raqamli tafovut”ni bartaraf etish va global texnologik zanjirning faol ishtirokchisiga aylanish istagini ifodalaydi.
Transport yo‘laklarini takomillashtirish masalasi nafaqat mintaqaviy, balki global barqarorlik omili sifatida ko‘rildi. Negaki, ta’minot zanjiri barqarorligi dunyo iqtisodiyotining qon tomirlaridir. O‘zbekiston va Qozog‘istonning bu boradagi muvofiqlashtirilgan harakatlari BRIKS doirasida savdo hajmining keskin o‘sishiga va iqtisodiy xavflarning kamayishiga zamin yaratadi.
Nyu-Dehli yig‘ilishi Markaziy Osiyo davlatlarining global kun tartibini belgilashda naqadar salmoqli o‘ringa ega ekanini ko‘rsatdi. O‘zbekiston va Qozog‘istonning BRIKS doirasidagi faolligi mintaqaning butun dunyo uchun strategik muhim ekanini isbotladi.
Kezi kelganda ta’kidlash joizki, innovatsiyalar, adolatli boshqaruv va mustahkam logistika aloqalari bu Markaziy Osiyoning dunyoga taklif etayotgan yangi taraqqiyot formulasidir. Ushbu tashabbuslarning amalga oshishi yaqin kelajakda mintaqamizni global iqtisodiyotning eng qudratli drayverlaridan biriga aylantirishi shubhasiz
Bugungi kunda dunyo toza energiyaga o‘tish arafasida turibdi. Nyu-Dehli uchrashuvida O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillari e’tiborni eng dolzarb masalaga — yashil energiya va muhim minerallarga qaratdilar. Markaziy Osiyoning boy tabiiy resurslari, xususan litiy, mis va boshqa nodir metallar global elektromobillar va qayta tiklanuvchi energiya tizimlari uchun asosiy xom ashyo bazasi hisoblanadi. Bu mintaqaning BRIKS iqtisodiy ekotizimida energiya yetkazib beruvchigina emas, balki texnologik zanjirning ajralmas bo‘g‘ini sifatida namoyon bo‘lishini ta’minlaydi. Yig‘ilishda Xalqaro suv tashkilotini tuzish tashabbusi katta qiziqish bilan kutib olindi. Suv xavfsizligi Markaziy Osiyo va boshqa rivojlanayotgan mintaqalar uchun ekzistensial - hayotiy muhim masaladir.
BMT shafeligida bunday tashkilotning tuzilishi suv resurslarini boshqarishdagi tarqoqlikka chek qo‘yadi. Global suv inqirozining oldini olish uchun xalqaro hamkorlikni tizimlashtiradi. Markaziy Osiyoning suv xavfsizligi borasidagi ovozini dunyo miqyosida kuchaytiradi.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining “Hamkorlik va barqarorlik uchun chidamlilik va innovatsiyalarni yaratish” shiori ostidagi 2026-yilgi raisligi Markaziy Osiyo ustuvorliklari bilan to‘la uyg‘unlik kasb etmoqda.
Modi ta’kidlaganidek, BRIKS — bu inklyuziv dunyo tartibini yaratish platformasidir. Hindiston ushbu klub orqali Global Janub davlatlarining manfaatlarini global darajada himoya qilishga intilmoqda.
BRIKS bugungi kunda dunyo aholisining 40 foizini va global YAIMning 32 foizini ifoda etadi. Nyu-Dehlida muhokama qilingan asosiy masalalardan biri muqobil moliyaviy mexanizmlarni yaratish masalasi bo‘ldi. Bu jarayon Markaziy Osiyo davlatlari uchun o‘z milliy iqtisodiyotlarini tashqi moliyaviy bosimlardan himoya qilish va savdo aloqalarini yanada diversifikatsiya qilish imkonini beradi.
Bosh vazir Modi va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi uchrashuv BRIKSning nafaqat iqtisodiy, balki muhim siyosiy muloqot maydoni ekanini ko‘rsatdi. Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolar fonida Hindistonning “muloqot va diplomatiya — yagona yechim” degan pozitsiyasi BRIKSning tinchlikparvarlik salohiyatini namoyon etmoqda.
Nyu-Dehli uchrashuvi Markaziy Osiyoning global siyosatda chekkadagi kuzatuvchi emas, balki kun tartibini belgilovchi faol ishtirokchiga aylanganini isbotladi. O‘zbekiston va Qozog‘istonning innovatsiyalar, suv xavfsizligi va yashil energiya sohasidagi muvofiqlashtirilgan harakatlari mintaqani yangi ko‘p qutbli dunyoning muhim tayanch nuqtasiga aylantirmoqda. Global boshqaruv tizimi o‘zgarayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo va BRIKS o‘rtasidagi bu strategik sheriklik umumjahon barqarorligi va farovonligining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zA