Nurlar bulog‘idan baxt topgan inson
O‘zbekiston energetikasining faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Mirzaahmad Shoyimovni mamlakatimizda ko‘pchilik yaxshi taniydi. U kishi bolaligidan o‘zi yashayotgan hozirgi Nurobod qishlog‘i yaqinida barpo etilgan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida ishlashni orzu qilgan.
Mirzaahmad aka 1974 yilda Toshkent davlat politexnika institutining energetika fakultetini tamomlab, mehnat faoliyatini “Farhod” GESida muhandislikdan boshlagan. 1976 yildan Sirdaryo IESida mehnat qilib, chilangarlikdan bosh direktor lavozimigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng Sirdaryo IESda muammolar vujudga keldi. Korxonaning gaz bilan taqsimlash punkti qo‘shni Tojikiston Respublikasi hududida joylashgan bo‘lib, gaz u tomondan quvur orqali kelgan. Bu korxona uchun anchagina noqulaylik va qiyinchilikni vujudga keltirardi. Gaz sarfini nazorat qilish uchun M.Shoimov rahbar sifatida kechayu-kunduz tinim bilmadi.
Kunlardan birida “tojikistonliklar gaz yuborish yo‘lini yopar ekan, zudlik bilan mazutdan foydalanishga o‘tish kerak”, degan buyruq keldi. Korxonada tayyorgarlik yo‘q edi. Yangi yo‘nalishga o‘tish uchun avtomatika va nazorat o‘lchov asboblari yetishmasdi. Shunda Mirzaahmad aka o‘zi yaratgan maxsus dastur asosida bosh muhandis bilan hamkorlikda uch kecha-kunduz davomida reja ishlab chiqdi. Mas’ullar ishtirokida tungi 02.00 da tizimga ulash ishlari boshlandi. Dasturda ko‘rsatilgan ketma-ketlik bo‘yicha jarayon davom eta boshladi. Barcha kuzatuvchilar va ishchi-xodimlar natijani yurak hovuchlab kuta boshladi. Chunki stansiya faoliyati to‘xtatib qo‘yilishi ham davom ettirilishi ham shunga bog‘liq edi. Nazorat-o‘lchov asboblari yetarli emasdi. M.Shoimov 50 nafar xodimdan jonli nazorat o‘lchov asbobi o‘rnida foydalanib, qattiq nazorat qilish uchun har biriga kerakli joylarda turishni tayinladi. Xodimlarga bosimning darajasi bo‘yicha o‘z vaqtida ma’lumot berib turish, holatga qarab, o‘ng va chap yo‘nalishlarni ochib-yopib turish vazifasini topshirdi.
Ertalab soat 06.00 larda birinchi gaz quvuri, soat 09.40 larda ikkinchi gaz quvuri to‘liq yangi magistralga o‘tkazildi. Energobloklar ish rejimida me’yoriy holat saqlab qolindi va eng muhimi, hududlarga elektr energiyasi yetkazishda hech qanday uzilish bo‘lmadi.
Markaziy Osiyoda tengi yo‘q bo‘lgan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi O‘zbekiston hududining uchdan bir qismini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Bu bilan stansiya mamlakatimiz sanoati, energetikasi rivojiga, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 2030 yilga borib, mamlakat bo‘yicha aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyotning rivojlanishi hisobiga 120 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mo‘ljallangan.
Sirdaryo IESda sobiq ittifoq tarqalganidan keyin ko‘pgina rusiyzabon mutaxassislar o‘z yurtiga qaytib keta boshladi. Kelgusida IES to‘xtab qolishi ham mumkin degan gap-so‘zlar tarqaldi. Mustaqillikning dastlabki yillarida yuzaga kela boshlagan muammolar katta sinov bo‘ldi. Stansiyada mutaxassis kadrlar va ehtiyot qismlar yetishmovchiligi boshlandi. Lekin stansiyada ishning to‘xtab qolishi bir necha viloyatning elektr energiyasiz qolishiga olib kelishi muqarrar edi. O‘sha yillarda birinchi navbatda kadrlar malakasini oshirish va yangi kadrlarni tayyorlash harakatlari boshlandi. Yosh xodimlarga ta’mirga tushgan energobloklarda murakkab va nozik avtomatika qurilmalaridan foydalanish usullari izchillik bilan o‘rgatildi. Bir vaqtning o‘zida Shirin shahridagi energetika texnikumida dars berish uchun yuqori malakali muhandis va ustalar taklif qilindi. 1995 yilga kelib korxona mahalliy malakali kadrlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Halol mehnatga yarasha rag‘bat Mirzaahmad Shoimovning salkam yarim asrlik mehnatlari hukumatimiz va xalqaro nufuzli tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Respublikasi energetikasi mustaqilligini rivojlantirish va xalq xo‘jaligini elektrlashtirishdagi ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun 2010 yilda “O‘zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasining “O‘zbekiston energetikasi faxriysi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, keyingi yillar davomida “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil”, “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari sohibi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 23 avgustdagi farmoni bilan Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini yuksaltirish, davlat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari, ishlab chiqarish sohasidagi uzoq yillik fidokorona mehnati hamda yosh avlodni vatanparvarlik, xalqparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan katta hissasi uchun oliy darajadagi mukofot “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va oliy nishon — “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlandi.
2015 yilda M.Shoimov Sirdaryo viloyati Xalq deputatlari kengashi a’zoligiga qabul qilindi va o‘sha yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zoligiga saylandi. 2018 yilda MDH davlatlarida energetika tizimini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “MDH davlatlarida xizmat ko‘rsatgan energetik” faxriy unvoniga munosib topildi. 2021 yil 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yillik bayrami arafasida jamoat mukofotlari va unvonlari xalqaro qo‘mitasi tomonidan Mirzaahmad Shoimov Yevroosiyo davlatlari ittifoqining faxriy fuqarosi bo‘lganligi haqida xabar berildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan chop etilgan "O‘zbekiston qahramonlari" kitobida 103 nafar qahramon yurtdoshlarimiz qatorida sirdaryolik energetik Mirzaahmad Shoimovning hayoti va mehnat faoliyati haqida hikoya qilingan.
M.Shoimov 2013 yilda Respublikamiz Bosh vaziri lavozimida ishlab kelayotgan Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekenergo” kompaniyasida elektr stansiyalari rahbarlari yig‘ilishini shunday xotirlaydi: “O‘zbekistonda elektr energiyasini rivojlantirish bo‘yicha boshqalarning takliflarini tinglab bo‘lgach, menga yuzlanib, “Qani, O‘zbekiston Qahramoni, siz qanday taklif bera olasiz?” dedilar. Shunda men avvaldan dilimga tugib qo‘ygan rejalar asosida tashabbus bilan chiqib, stansiyalarning energobloklarida modernizatsiya ishlarini olib borish zarurligi to‘g‘risida o‘z takliflarimni aytdim va bu ish o‘ta muhimligini, aslo kechiktirib bo‘lmasligini alohida ta’kidladim. Chunki o‘sha paytga kelib, 40 yildan beri tinimsiz ishlab kelayotgan Sirdaryo IESda energobloklarning yaroqlilik muddati o‘tganligi sababli yoqilg‘i xarajatlari ham ko‘tarilib ketayotgan edi. So‘zlarim tugagach, Bosh vazir va hay’at a’zolari taklifimni bir ovozdan ma’qullab, qo‘llab-quvvatladi. Shundan so‘ng, modernizatsiya konsepsiyasi va loyiha ishlari boshlanib ketdi va 2014 yilda modernizatsiya ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shunday qilib, modernizatsiya va rekonstruksiya natijasida quyidagilarga erishdik: 300 MVt li energobloklarning quvvati har biri uchun 25 MVt, jami 50 MVt ga ko‘tarildi. Endi modernizatsiyagacha quvvatlari 240 MVt gacha tushib qolgan energobloklarning quvvati 325 MVt ni tashkil etmoqda. Yoqilg‘i sarfi 15-20 foizga kamaydi, ya’ni yillik iqtisod 130 million metr kub gazni tashkil etdi. Energobloklarni ishlatish muddati yana yigirma yilga uzaytirildi. Ta’mir xarajatlari 40 foizga kamaydi. Yangi, zamonaviy, har tomonlama qulay va uskunalarning bexatar ishlashini ta’minlay oladigan boshqaruv tizimi yaratildi.

Ahil oilada saodat sururi Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi Sharqobod qishlog‘ida istiqomat qilayotgan 5 farzandning otasi va 18 nabiraning suyukli bobosi M.Shoimovning volidasi Obida aya bugungi kunda 87 yoshni qarshilagan. Aya hozirgi kunda qahramon o‘g‘li va nabiralarining ardog‘ida. Mirzaahmad aka umr yo‘ldoshi Oysafar opa bilan 47 yildan beri ahil, inoqlikda yashamoqda. 5 farzand ham oliy ma’lumotli mutaxassislar bo‘lib, vatanimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.
Gohida uyimiz yoki ishxonada biror soat davomida elektr toki kelmay qolsa, kayfiyatimiz buziladi, hafsalamiz pir bo‘ladi. Lekin elektr energiyasi qayerda, qanday tarzda vujudga kelishini tasavvur ham qilib ko‘rmaymiz. Uni Mirzaahmad aka singari “nur bulog‘i”da mehnat qilayotganlar yaratadi. Mana shunday insonlar borligi uchun ham dunyoda ezgulikning umri boqiydir.
Shuhrat Suyarov, O‘zA