Nukusda ommaviy yugurish marafoni
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida Silk Road xalqaro loyihasi doirasida besh yo‘nalish bo‘yicha sportchilar, talabalar, uyushmagan yoshlar va bog‘cha tarbiyalanuvchilarini o‘z ichiga olgan ommaviy yugurish marafoni o‘tkazildi.
Dasturga 10 va 5 kilometr masofalarga mo‘ljallangan Silk Road Nukus ommaviy yugurish musobaqalari, Talaba Yugur talabalar starti, nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirokidagi Inson Uchun inklyuziv ommaviy yugurish musobaqasi hamda 500 va 250 metr masofalarga Kids Run bolalar ommaviy yugurish musobaqalari kiritildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, ommaviy sportni keng targ‘ib qilishga, yoshlarni sportga jalb etishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur marafon ham ana shu yo‘nalishdagi tadbirlardan biri bo‘lib, sportchilar, harbiy xizmatchilar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, mahallalardagi 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan besh ming nafardan ortiq ishtirokchini o‘zida jamladi. Albatta, bunday tadbirlar sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xalqimiz salomatligini mustahkamlashda muhim hisoblanadi.
10 va 5 kilometr masofalarga o‘tkazilgan ommaviy yugurish musobaqalari g‘olib va sovrindorlariga tashkiliy qo‘mita hamda tadbir hamkorlari tomonidan pul mukofoti, 250 va 500 metr masofalarga o‘tkazilgan Kids Run bolalar ommaviy yugurish musobaqalarining g‘olib va sovrindorlariga qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Marafonning taqdirlash marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA