Nukus tumanida zamonaviy parrandachilik majmuasi ishga tushdi
Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida Qoraqalpog‘istonning bir qator tumanlarini ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholining farovon hayotini ta’minlash maqsadida viloyatlar bilan birgalikda hudud aholisining bandligini ta’minlash borasida ijobiy ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida bo‘ldi.

Mehmonlar dastlab tuman hududidagi “Inter Agro broylerlar Nukus” zamonaviy parrandachilik majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
O‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov, Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev, Nukus tumani hokimligi mutasaddilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda yangi korxonaning ochilishi munosabati bilan qutladi. Prezidentimizning tashabbusi bilan yurtimizda, shu bilan birga Orolbo‘yida aholi bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan faqat Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon va qarorlar bu boradagi chora-tadbirlarga mustahkam asos bo‘lmoqda. Bu esa tumanlarga biriktirilgan viloyatlardan tadbirkorlarni jalb etish, hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholining farovon hayotini ta’minlashda keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Ta’kidlash joizki, asosan tuxum yetishtirishga ixtisoslashgan umumiy 7 million AQSH dollari asosida yangidan foydalanishga topshirilgan korxonada 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hozirgi kunda bu yerda yetishtirilgan tuxumlar qo‘shni viloyatlar va xorijga eksport qilinmoqda.
Tadbir ishtirokchilari yangi korxonada ishchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Shundan so‘ng mehmonlar “Aziya metall prof” korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan metall profillarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini ko‘rdi. Shuningdek, “Shoxjaxon universal fuds” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan savdo markazida ham bo‘ldilar.

Mehmonlarning keyingi manzili tumandagi markaziy kutubxona bo‘ldi. Bu yerda kitobxonlar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Shu bilan birga, tuman ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasiga Samarqand viloyati hokimligi nomidan maxsus tibbiy asbob-uskunalar topshirildi. Amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish doirasida mehmonlar tuman hokimligida tashkil etilgan muzeyda ham bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, do‘stlik, ahillik va hamjihatlikka asoslangan bunday tadbirlar aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri