Norov Pokiston elchisi bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchisi Vladimir Norov Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sayyid Ali Asad G‘iloniyni qabul qildi. Vazirlik matbuot xizmati shu haqda xabar tarqatgan.
Uchrashuvda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgan O‘zbekiston - Pokiston strategik sherikligi rivojlanishining ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida erishilgan kelishuvlar amalga oshishi jarayoni ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak uchrashuvlar, jumladan, 2022 yil 28-29 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Pokiston tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha fikr almashildi.
O‘zbekiston va Pokistonning xalqaro maydonda, xususan, BMT, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirishga kelishildi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni, xususan, ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan tranzit va imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasidagi kelishuvlarni kengaytirish istiqboliga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollargacha ko‘tarish maqsadida yakdil ekani tasdiqlandi.
Madaniy-gumanitar almashinuv sohasidagi aloqani kengaytirish zarurligi o‘zaro ma’qullandi.
O‘zA