Noqonuniy tovarlar to‘xtatildi
Buxoro viloyati “Olot” chegara bojxona postida tovarlarni noqonuniy tarzda yurtimiz hududiga olib kirishga bo‘lgan urinish bartaraf etildi.
Xorijiy yo‘nalish orqali harakatlangan yuk avtotransport vositasi respublikamiz hududiga kirib kelgan chog‘ida tegishli qonunchilik talablari doirasida birlamchi bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.

Natijada avtotransport vositasiga ortilgan yuklarning “Z-Portal” inspeksion ko‘rik majmuasi yordamida olingan rentgen tasvirlari va bojxona yuk deklaratsiyasida o‘zaro tafovut yuzaga kelganligi sababli tovarlar xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada yuk kuzatuv hujjatlarida umuman qayd etilmagan, umumiy qiymati 1 milliard 174 million so‘mni tashkil etuvchi kir yuvish vositalari hamda bolalar tagligi borligi aniqlandi.

Mazkur tovar- moddiy boyliklari qonuniy qaror qabul qilingunga qadar vaqtincha saqlovga olingan.
Ayni paytda holat yuzasidan bojxona surishtiruvi olib borilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri