Noqonuniy dori savdosi fosh etildi
Aholi salomatligini muhofaza qilish, dori vositalari muomalasida qonuniylikni ta’minlash hamda qalbaki yoki sifatsiz mahsulotlarning oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Kogon shahrida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan bog‘liq holat aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro N.N. va boshqalar o‘zaro til biriktirib, Kogon shahridagi “Amir Temur” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan xonadonda dori vositalarini noqonuniy ravishda qadoqlash hamda sotish faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Tekshiruv jarayonida ushbu xonadondan umumiy bahosi 597,7 million so‘mga teng bo‘lgan, sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan turli xil dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, nazoratsiz va kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan dori vositalarini iste’mol qilish inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois aholidan dori mahsulotlarini faqat litsenziyaga ega dorixonalar orqali xarid qilish, mahsulotning sifati va kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatlarga e’tibor qaratish so‘ralmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.