Noqonuniy bosmaxonalar faoliyatiga chek quyildi
Kitob insonga ma’naviy va ruhiy ozuqa berishda eng yaqin hamrohlardan biri.
Uni yozish va chop etish esa nafaqat savobli ish, balki daromad manbai ham hisoblanadi. Biroq, ayrim kimsalar bu imkoniyatdan qonunga zid ravishda foydalanib, tegishli ruxsatnomalarsiz kitob chop etish va tarqatish bilan shug‘ullanmoqda.
Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida aniqlangan holatlar buning misoli. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlar davomida kontrafakt diniy adabiyotlarni chop etish bilan shug‘ullangan noqonuniy bosmaxonalar faoliyatiga chek qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Buvayda tumanida noqonuniy bosmaxona faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, 1986-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro qarindoshlari bilan birgalikda tegishli litsenziya va ruxsatnomalarsiz diniy mazmundagi kitoblarni chop etishni yo‘lga qo‘ygan.
Tezkor tadbir davomida bosmaxonadan 17 ming 579 dona tayyor va 500 kilogrammdan ortiq yarim tayyor kontrafakt kitoblar, shuningdek, to‘rtta bosma va yelimlash uskunasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Bundan tashqari, ushbu manzildan 216 ming dona pirotexnika vositasi ham musodara qilindi.
Shunga o‘xshash holat Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ham qayd etildi. U yerda 1981-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli noqonuniy bosmaxonadan 8,5 mingdan ortiq kontrafakt diniy adabiyot protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Har ikki holat yuzasidan hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA