Nomoddiy meros: Ilm-fan va kelajak istiqbollari
Milliy madaniyat va nomoddiy merosni asrash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Soha rahbarlarining Madaniyatshunoslik institutiga tashrifi kelgusi rivojlanish istiqbollarini belgilab berdi.
Millatning madaniyati uning ko‘zgusidir. Shuning uchun ham bu muqaddas merosni asrash va uni yanada boyitish muhim vazifa sanaladi. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari madaniyat tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qator tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Ana shunday tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Hasan Salixov hamda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Institutning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida amalga oshirayotgan ishlari, xususan, madaniyatshunoslik yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlar, nomoddiy madaniy meros namunalarini asrab-avaylash, o‘rganish, targ‘ib etish va kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, hududlarda nomoddiy madaniy meros namunalarini o‘zida saqlovchi 20 nafar shaxslar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, institutning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishda xalqaro tajribalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda hududiy va xalqaro ekspeditsiyalarni tashkil etish, ularning natijadorligini oshirish, ekspeditsiyalar davomida aniqlangan nomoddiy madaniy meros namunalarini ilmiy jihatdan o‘rganish va hujjatlashtirish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
Tashrif davomida Institutning uch yillik faoliyati taqdimot qilindi. Taqdimot davomida erishilgan yutuqlar hamda mavjud muammo va kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. Muloqot yakunida nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash va uning milliy hamda xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Sherbek Islomov,
O‘zA