“Nodira” tarixiy dramasi – mumtoz adabiyotimizga qardoshlarning ehtirom namunasi
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri hamda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi doirasidagi ilk ijodiy loyiha tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Qirg‘izistonning O‘sh shahrida Muqimiy nomidagi teatrimiz bosh rejissyori Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan, ustoz adiba Shahodat Isaxonova qalamiga mansub “Nodira” tarixiy dramasining premerasi katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi.
Aytish kerakki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida keyingi yillarda mamlakatimizda madaniyat va san’at ravnaqiga ilgari misli ko‘rilmagan tarzda e’tibor qaratilmoqda. Bu esa qardosh xalqlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy aloqalarning yanada mustahkamlanishi, ijodkorlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi, xalqimizning yangi sahna asarlaridan bahramand bo‘lishida muhim omil bo‘lmoqda. Bu jihatlar o‘zbek va qirg‘iz ijodkorlari o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarining tobora mustahkamlanib borayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Mazkur hamkorlik samarasi o‘laroq, o‘zbek va qirg‘iz ijodkor ziyolilarning hamjihatlikdagi loyihalari aprel oyida tobora faollashdi. Zero, Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrida ustoz yozuvchimiz Shahodat Isaxonova asari asosida sahnalashtirilgan “Nodira” spektakli namoyish etilishi barobarida poytaxtimizdagi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga Toktobolot Abdumomunov nomidagi Qirg‘iz milliy akademik drama teatri ijodkorlari hamda Qirg‘iziston delegatsiyasi tashrifi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganini tasdiqlaydi. Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Qayrat Imanaliyev asari asosidagi “Oxirgi xat” dramasi namoyishi o‘zbek teatr muxlislari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingani xalqimizning Chingiz Aytmatovga bo‘lgan mehrining yorqin namunasidir.
Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrida “Nodira” spektakli san’at ixlosmandlari tomonidan alohida mehr va qiziqish bilan kutib olindi.

Shahodat Isaxonovaning «Bibixonim» (yoki «Turon malikalari» turkumi), «Gavharshodbegim», «Nodirai davron», «Sulton Jaloliddin yoxud Chingizxon tuzog‘iga tushgan malika», «Turon malikasi» kabi asarlari tarixdagi momolarimizning milliy davlatchilik, madaniyat va san’at, va umuman dunyo sivilizatsiyasida tutgan beqiyos o‘rni, ularning zamon sinovlari bilan yuzlashishi, murakkab vaziyatlarda qanday yo‘l tutgani haqida hikoya qilishi bilan qadrlidir.
Ustoz yozuvchining «Nodirai davron» asari o‘zbek adabiyotida Mohlaroyim – Nodira hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muhim asarlardan biri hisoblanadi. Asarda muallif Qo‘qon xonligi davri muhitini, Nodiraning shoira, davlat arbobi va ayol sifatidagi qiyofasini tarixiy ma’lumotlarga tayangan holda gavdalantirgan. Asarda Nodira faqat lirik shoira emas, balki yurt tinchligini o‘ylaydigan, ma’rifatparvar va matonatli ayol sifatida tasvirlanadi. Uning Umarxon bilan munosabatlari, saroy hayoti va fojiali qismati kitobxonda kuchli taassurot qoldiradi. Shahodat Isxonova asar tilida o‘sha davr ruhini berish uchun mumtoz iboralar va Nodira ijodidan namunalarni mahorat bilan ishlatgani e’tiborga molikdir.
Asar Nodiraning nafaqat shoiralik faoliyati, balki Qo‘qon xonligidagi siyosiy roli, ma’rifat yo‘lidagi kurashi va murakkab hayot yo‘lini musiqa va badiiy vositalar orqali ochib beradi. Ma’lumki, Nodirabegim Qo‘qon xoni Amir Umarxon (adabiy taxallusi Amiriy) bilan oila qurgan. Bu nikoh nafaqat ikki yoshning taqdiri, balki ikki yirik xonlik — Qo‘qon va Andijon (o‘sha paytda Nodiraning otasi Rahmonqulbiy Andijon hokimi edi) o‘rtasidagi siyosiy ittifoqni mustahkamlash maqsadida amalga oshirilgan. Spektaklda bu oila muhabbatga asoslanishidan ko‘ra, o‘sha davrdagi siyosiy o‘yinlar, taxt uchun kurash, shoira Nodirabegimning shamollarga uchgan pokiza orzulari haqida g‘oyat ta’sirchan hikoya qilishi bilan diqqatga sazovordir.
Mazkur spektakl Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri hamda Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumi doirasidagi ilk ijodiy loyihadir.
Asar faqat shoiraning shaxsiy hayoti emas, balki xonliklar o‘rtasidagi murakkab ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar, saroy muhitidagi fitnalar va xalqning og‘ir turmushi fonida yaratilgan. Dramada Nodirabegim nafaqat nozikta’b shoira, balki adolat va millat manfaati yo‘lida kurashuvchi, irodali malika va siyosiy arbob sifatida gavdalantirilgan.
Spektakl rejissyor Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan, musiqalarini esa kompozitor Ma’murjon Shokirov bastalagan. Uning syujetida tarixiy faktlar bilan birgalikda qahramonlarning ruhiy olamini ochib beruvchi badiiy tasvirlar va o‘sha davr muhitini tiklashga xizmat qiluvchi dekoratsiyalar muhim o‘rin tutadi.
Ushbu spektakl Qirg‘izistonda o‘zbek mumtoz adabiyoti va tarixiy siymolariga bo‘lgan yuksak e’tiborning namunasi sifatida e’tirof etildi.
– Yozuvchi Shahodat Isaxonova mahoratli yozuvchi sifatida tarix sahnasini qog‘ozga, so‘ngra teatr sahnasiga ko‘chirib kelmoqda, – dedi faxriy ustoz jurnalist, Respublika “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev. – Uning qahramonlari – bizning momolarimiz... Ular qo‘hna dunyoga Shiroqlarni, Beruniylarni, yetti iqlim jilovini qo‘lda tutgan Amir Temurlarni, Mirzo Ulug‘beklarni, hazrat Amir Temurlarni bergan onalar! Ular hukmdor erlariga yelkadosh bo‘lgan, saltanat jilovini ular birga tutgan, yurtlarini ma’naviyat va ma’rifat ziyosi bilan yoritgan, masjidu madrasalar qurdirgan, xonaqoh, yo‘llaru rabotlar solgan oqila, donishmand To‘marislar, Turkon Xotunlar, Bibixonimlar, Gavharshodbegimlar, Nodirabegimu Uvaysiylar, Qurbonjon dodxohlardir. Ularning ko‘plari zulm va adovat qurboniga aylangan. Dramada ularning hayoti, faoliyati, kechinmalari, iztiroblari, o‘sha murakkab davr muhiti juda ta’sirchan tarzda ochib berilgan.
“Nodira” spektaklining premerasi juda baland ruhda bo‘lib o‘tdi. Kelgusida ushbu spektaklni xorijiy davlatlarda ham namoyish etish ko‘zda tutilgani ahamiyatlidir.
Premerada O‘sh shahri hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ma’sudaxon Aydarbekova, O‘zbekiston “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, Respublikasi Madaniyat vazirligining Teatr va sirk san’atini rivojlantirish boshqarmasi v.b. boshlig‘i Farhod Elmurodov, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsagan artist Azim Mullaxonov, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori, taniqli shoir Botirjon Ergashev, atoqli adib Nurali Qobul, tarixchi olim Rustam Shamsiddinov, O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Beknazarov va boshqa ijodkor ziyolilar ishtirok etib, ijodiy jamoani muvaffaqiyatli sahna asari bilan tabrikladi.
Spektaklda Nodira obrazini yuksak mahorat bilan ijro etgan aktrisa qirg‘izistonlik san’atkor Samidaxon Xolmatovaga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri buyrug‘iga muvofiq “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahar hokimiyati tomonidan Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri ijodkorlari — bosh rejissyor Doston Haqberdiyev hamda balet artisti Feruza Sarimsoqovaga madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissalari uchun tashakkurnomalar topshirildi.
Bu kabi ijodiy loyihalar xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar mustahkam asosga ega ekanini yana bir bor namoyish etadi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri