Nodir Abdurazzoqov: “Kannavarodan o‘zimizga kerak bo‘lgan narsalarni o‘rganyapmiz”
26talik ro‘yxatdan joy olishga qo‘limdan kelganicha harakat qilaman.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va OKMK klubi vingeri Nodir Abdurazzoqov jurnalistlarning terma jamoadagi muhit va murabbiylar haqidagi savollariga javob berdi.
“Terma jamoaga chaqiruv olganimdan xursandman. Bu yerda hamma bir-biri bilan ahil. Murabbiylar haqida gapiradigan bo‘lsam, Kannavaro bilan avval ham ishlaganman. Fabio futbolga boshqacha qaraydi. Undan o‘zimizga kerakli bo‘lgan barcha narsani o‘rganyapmiz. O‘zbekiston terma jamoasidagi raqobatga kelsak, shu paytgacha ham jamoada o‘ynash uchun raqobat yuqori darajada bo‘lgan va shu holatda davom etadi. 26talik ro‘yxatdan joy olishga qo‘limdan kelganicha harakat qilaman. Nima bo‘lishini xudo biladi, lekin tarkibga kirish uchun albatta kurashaman. O‘ylaymanki, tarkibdan kim joy olishidan qat’iy nazar vatanimiz uchun jonini berib o‘ynaydi. Terma jamoadagi tizim klubdagidan farq qiladi, moslashish biroz qiyin bo‘ladi. Lekin maksimal darajada hammasiga tezroq moslashishga harakat qilyapmiz. Hozircha qiyinchiliklar yo‘q”, - dedi Abdurazzoqov.
Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro may oyidagi yig‘inga 40 nafar futbolchini jalb etgan holda, ularning holatini ko‘zdan kechirmoqda.