NNTlar grant tanlovlarida faol ishtirok etadi
Andijonda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan «Davlat grant tanlovida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtirokini ta’minlash hamda loyihalarni ishlab chiqish samaradorligini oshirish» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda viloyatda faoliyat olib borayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari muharrirlari ishtirok etdi.


– Seminarning asosiy maqsadi, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining grant tanlovidagi ishtirokini faollashtirishga qaratilgan, – deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari Milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Sherzodbek Valiyev. – Ularning grant tanlovi shartlari va talablari bo‘yicha xabardorligi, bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning viloyat bo‘limi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovlarida ishtirok etish, belgilangan yo‘nalishlarda loyihalar tayyorlash hamda taqdim etish tartiblari xususida so‘z yuritildi.
Xususan, tanlovga taqdim etiladigan ijtimoiy loyihalarni shakllantirish va rasmiylashtirish, loyiha doirasidagi faoliyatni rejalashtirish masalalari yuzasidan amaliy tushuntirish, taklif va tavsiyalar berildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri