NKMK: yuksak marralar zabt etilmoqda
Yurtimiz taraqqiyotning yangi davriga qadam qoʻydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni oldidan
Yurtimiz taraqqiyotning yangi davriga qadam qoʻydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yangi Oʻzbekiston tarixi va kelajagi yaratilmoqda. Shiddatli islohotlar odamlarimiz hayoti, sohalar rivojiga yangicha mazmun bagʻishlayapti. Bunday yuksalish va oʻzgarish natijalarini bugun 56 ming nafardan ortiq ishchi-xizmatchi mehnat qilayotgan Navoiy kon-metallurgiya kombinati faoliyatida ham yaqqol koʻrish mumkin.
Kon-metallurgiya – eng mashaqqatli, eng sharafli sohalardan biridir. Murakkab ish va iqlim sharoitlarida mehnat qilish, ulkan mineral boyliklarni keng miqyosda oʻzlashtirish, qazilma boyliklarni qidirish, maʼdanlarni qazib olish, qayta ishlash, tayyor mahsulot darajasiga keltirish sharafli kasb egalaridan chinakkam mashaqqat va fidoiylikni talab etadi. Bugun ushbu sohada mehnat qilayotganlar shijoatida ana shunday fazilatlar mujassam. Ularning qalb qoʻri bilan yaralayotgan, dunyo bozorida Oʻzbekistonning faxru iftixori boʻlgan 999.9 probali oltin xalqaro miqyosda sifat etaloni, deb qabul qilingani ham samarali mehnatning yuksak eʼtirofidir.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bugun nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida yuksak shon-shuhratga ega. Ushbu gigant korxona oʻzining zamonaviy ishlab chiqarish infratuzilmasi, qimmatbaho va raqobatbardosh mahsulotlari hamda iqtisodiy salohiyati bilan jahonga mashhur. Uning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qoʻshayotgan hissasi beqiyosdir. Ayni paytda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar korxona uchun yangi ufqlarni ochmoqda. Pirovardida jahon andozalari darajasidagi zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi tarmoqlar barpo etilib, ishlab chiqarish quvvati yildan-yilga oshib borayapti. Bunda, shak-shubhasiz, boy tajriba va mahoratga ega jamoa vakillari, rahbaru yetuk malakali mutaxassislar, muhandis-texnologlar, fidoiy ishchi-xodimlarning zaxmatli mehnati mujassam.
Sinovli kunlarda ular qatʼiy tartib-intizom, shaxsiy javobgarlik va masʼuliyat hissi bilan mehnat qilayotganligi tufayli ishlab chiqarish surʼatlari bir maromda davom etmoqda. Bugun jamoa ahli sharafli kasb bayrami – Oʻzbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni bayramini ulkan mehnat zafarlari bilan qarshi olmoqda. Toʻrt oylik yakunlariga koʻra, korxonada 12,9 trillion soʻmlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgani, ishlab chiqarish tannarxi 190,2 milliard soʻm yoki 4,73 foizga kamaytirilgani, koʻrilgan choralar bois 109,2 milliard soʻm iqtisod qilingani, belgilangan rejalar ortigʻi bilan bajarilgani fikrimiz tasdigʻidir.
Kombinatda ulkan islohotlar, investitsiya loyihalarini amalga oshirish davom etmoqda. Buning natijasida yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini foydalanishga topshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, ish oʻrinlari yaratishga erishilmoqda. Yaqinda 2-gidrometallurgiya zavodida rudani qayta ishlash boʻlimi, 7-gidrometallurgiya zavodi negizida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasining birinchi navbati foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, “Muruntov” konini oʻzlashtirishning 5-navbati, 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatlarini oshirish, “Auminzo-Amantoy” koni bazasida 5-gidrometallurgiya zavodini bunyod etish va boshqa muhim loyihalar davom etmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek: “Gigant korxonaning koʻp ming kishilik jamoasi keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar, iqtisodiyot tarmoqlari va butun mamlakatimizni tubdan isloh etish va modernizatsiya qilishda faol ishtirok etayotgani tahsinga sazovor”. Buni maqsadlari yuksak, niyatlari ulugʻ jamoaning gʻayrat-shijoati, mashaqqatli mehnati, yutuqlari misolida ham koʻrish mumkin.
Abdumajid JOʻRAYEV,
NKMK matbuot kotibi.