Nikohlanuvchi shaxslar molekulyar-genetik testdan o‘tkaziladi
2023 yil 1 iyuldan boshlab nikohlanuvchi shaxslar o‘z hisobidan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlariga tashrif buyurish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining laboratoriyasida molekulyar-genetik testdan o‘tkaziladi.
Bunda, spinal mushak atrofiyasining gen tashuvchiligi tasdiqlangan nikohlanuvchi shaxslarning ma’lumotlari Yagona milliy registrga kiritib boriladi.
“Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori bilan tegishli vazirliklarga joriy yil 1 iyulga qadar nikohlanuvchi shaxslarni molekulyar-genetik testdan hamda homilador ayollardan molekulyar-genetik diagnostika uchun olingan biomaterialni laborator tekshiruvdan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi qo‘yildi.
Qarorga ko‘ra, spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo‘yilgan bemor bolalarni davolash, ularning muolajalarini kuzatib borish maqsadida shifokorlar konsiliumlarini tashkil etish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislardan iborat doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi guruh tuziladi.
O‘zA