Nigohlarda quvonch va hayotga ishonch porladi
Bugun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq”lar yangradi. Hayajonli damlarda 472 ming nafar o‘g‘il-qiz maktab ta’limini tugatib, katta hayotga qadam tashladi.
“Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida o‘tgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 352-maktabda ham katta tantana bilan nishonlandi. Mustaqil hayotga ilk qadam tashlayotgan o‘quvchi-yoshlarning qadrdon maktablari bilan xayrlashuvida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, mahallalar faollari, nuroniylar, bitiruvchi o‘g‘il-qizlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonini bugungi kun talabi darajasida tashkil etish, o‘quvchi yoshlarga puxta bilim berish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, buning samarasida ta’lim sifati, erishilayotgan yutuqlar ko‘lami yildan-yilga ortib borayotganligi qayd etildi.
Tadbir avvalida Yurtboshimizning maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Tabrikda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tirof etilib, yoshlarimiz uchun oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, bilim va tajriba olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi ta’kidlangan.

– Bugun maktabimiz bitiruvchilari, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqda, – deydi maktab direktori Vazira Sulaymonova. – Bu yil 42 nafar o‘quvchilar maktabni tamomlab, shulardan 4 nafari talaba bo‘lishga erishdi. 13 nafar o‘quvchi IELTS sertifikati, 21 nafari esa fanlardan sertifikatlarni qo‘lga kirit. Bu katta yutug‘imiz, albatta. Darhaqiqat, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bu oddiy tadbir emas. Bu bolalik bilan xayrlashuv, orzular sari yo‘l ochuvchi tarixiy lahza, katta hayot ostonasidagi mas’uliyatli va sharafli qadamdir. Ushbu unutilmas kun har bir bitiruvchining qalbida umrboqiy xotira sifatida muhrlanadi. Prezidentimiz bitiruvchilarga “Albatta, bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz” deb ishonch bildirdi. Bu bejiz emas. Yoshlarimiz davlatimiz rivojining asosiy kuchi sanaladi.

Darhaqiqat, Yurtboshimiz yoshlar uchun butun borlig‘ini fido etib, barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Bunday sharoit va imkoniyatlardan oqilona foydalanish yoshlar qo‘lidan keladi. Yurt ishonchi, millat g‘ururini saqlash uchun yuksak shijoat ko‘rsatish hamda Prezident ishonchini oqlash endi yoshlarimizdan. Qaddingiz va qadringiz baland bo‘lsin, aziz bitiruvchi yoshlar.
– Bugun nabiram katta hayotga qadam qo‘ymoqda. Birinchi sinf ostonasiga qadam qo‘ygan kunlari bir quvongan bo‘lsam, bugungi quvonchimning chegarasi yo‘q. Ko‘z yumib ochguncha maktabni tamomlab katta hayotga qadam tashlamoqda. Uni bo‘y-bastlari cho‘zilib katta yigit bo‘lib qolibdi. Bugun bu yoshlarga Yurtboshimiz ishonmoqda, buni, albatta, oqlash kerak. Barcha bitiruvchilarga yurt koriga yaraydigan, bobolari va momolari tarbiyasiga amal qiladigan yoshlardan bo‘lishlarini tilayman, – deydi Zohida aya Mirrahimova.

Tadbirda bitiruvchilarni ustozlari, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalari muborakbod etdi. Maktabni a’lo baholarga tamomlayotgan bir guruh faol o‘quvchilar, shuningdek, bitiruvchilarning ota-onalari maktab ma’muriyati tomonidan faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bitiruvchilar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur, o‘quvchilarning ona yurt, maktab, ustozlar va yoshlik haqida o‘qigan she’rlari davraga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Asror Sulaymonov,
O‘zA.