Niderlandiya – O‘zbekiston: Jahon chempionati oldidan so‘nggi jiddiy sinov
Bu ikki terma jamoaning o‘zaro ilk to‘qnashuvidir.
Fabio Kannavaro shogirdlari Nyu-Yorkda mundial favoritlaridan biriga qarshi maydonga tushadi. Ikkala jamoa uchun ham bu uchrashuv JCH-2026 oldidan tayyorgarlikning yakuniy bosqichi hisoblanadi.
Jamoalarning hozirgi holati va sport formasi:
Niderlandiya: Ronald Kuman shogirdlari oxirgi o‘rtoqlik uchrashuvida Jazoirga (0:1) imkoniyatni boy berishdi. Ayni damda FIFA reytingida 8-o‘rinni egallab turgan "uchar gollandlar" hali o‘zlarining mundial favoriti ekanliklarini to‘liq isbotlay olishmayapti. Ular JCH guruh bosqichida Yaponiya, Shvetsiya va Tunis bilan kuch sinashadi.
O‘zbekiston: "Oq bo‘rilar" shu hafta JCH hammezboni Kanadaga imkoniyatni boy berib (0:2), 6 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga (5 g‘alaba, 1 durang) chek qo‘yishdi. Bu Fabio Kannavaro boshqaruvidagi jamoaning gol ura olmagan ilk o‘yini bo‘ldi. Vakillarimiz tarixdagi debyut mundiallarini "K" guruhida Portugaliya, DR Kongo va Kolumbiyaga qarshi boshlashadi.
O‘zaro uchrashuvlar tarixi: Bu ikki terma jamoaning o‘zaro ilk to‘qnashuvidir. Niderlandiya oxirgi marta Osiyo vakili bilan 2022-yilgi JCHda (Qatarga qarshi 2:0) o‘ynagan. O‘zbekiston esa so‘nggi bor Yevropa jamoasiga qarshi 2022-yil noyabrida maydonga tushgan (Rossiya bilan 0:0).
Muhim statistika va faktlar: Niderlandiya oxirgi 5 ta o‘yinining 4 tasida o‘z darvozasidan aniq bittadan gol olib chiqqan. Gollandlarning oxirgi 7 ta o‘rtoqlik uchrashuvidan 5 tasida 2 tadan ko‘p gol qayd etilgan. O‘zbekistonning oxirgi 9 ta o‘yinidan faqatgina 2 tasida ikkala jamoa ham gol ura olgan. Kannavaro qo‘l ostida vakillarimiz 7 ta o‘yinda bor-yo‘g‘i 5 ta gol o‘tkazib yuborishdi.
Diqqat markazidagi futbolchilar va yo‘qotishlar:
Memfis Depay (Niderlandiya): JCH saralashida 8 ta gol urib, jamoasining mag‘lubiyatsiz seriyasiga katta hissa qo‘shgan asosiy xavf.
Eldor Shomurodov (O‘zbekiston): Milliy terma jamoamiz Shomurodov gol urgan oxirgi 11 ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan.
Yo‘qotish: Afsuski, yarim himoyachimiz Azizjon G‘aniyev Kanadaga qarshi o‘yinda jarohat olib, safdan chiqqan.
Uchrashuv haqida ma’lumot:
Stadion: "Icahn Stadium" (Nyu-York, AQSH)
Sig‘imi: 5 000 tomoshabin
Sana va vaqt: 08.06.2026 | 23:45 (Toshkent vaqti bilan)