Neymar Braziliyaning mundial uchun 55 kishilik ro‘yxatida bor
Braziliya terma jamoasi bo‘lajak jahon chempionati uchun dastlabki qaydnomasini aniqlab oldi.
Bosh murabbiy Karlo Anchelotti bo‘lajak mundialda ishtirok etishga da’vorgarlik qiluvchi 55 nafar futbolchini tanlab oldi.
Jurnalist Diyogo Dantasning ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatga 2023-yil kuzidan buyon «pentakampeonlar» safida maydonga tushmagan, hozirda «Santos» hujumchisi hisoblangan Neymar ham kiritilgan. Shuningdek, ayni damda jarohatlangan «Chelsi»ning 18 yoshli vingeri Estevao Villian ham e’tibordan chetda qolmagan.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 ning yakuniy qaydnomasidan faqat 26 nafar futbolchi joy olishi kerak. Braziliyaliklar guruh bosqichida Marokash, Shotlandiya va Gaiti terma jamoalari bilan kuch sinashadi. Ma’lumot uchun, «Selesao» 2002-yildan buyon turnirda g‘alaba qozona olmayapti.