“Newsweek”: AQSH-Eron kelishuvi Rossiyaning mavqeini zaiflashtiradi
AQSH-Eron kelishuvi Rossiyaning geosiyosiy va iqtisodiy manfaatiga sezilarli darajada salbiy ta’sir qilishi mumkin, deb yozdi “Newsweek” nashri.
Ta’kidlanishicha, agar kelishuvdan so‘ng keskinlik yumshab, Hurmuz bo‘g‘ozida yuk tashish tiklansa, Moskva jahon energetika bozoridagi inqiroz sharoitida qo‘lga kiritgan ta’sir kuchining bir qismini yo‘qotadi.
Muallif Yaqin Sharqdagi hozirgi holat Rossiyaning neft yetkazib beruvchi sifatidagi mavqeini kuchaytirib, RF energetika tizimi uchun qo‘shimcha daromad keltirganiga e’tibor qaratgan. Vaziyat barqarorlashishi esa neft narxini pasaytirib, rus kompaniyalariga foyda keltiradigan “xavf qulayligi”ni yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Tahlilchilar Eron bilan mojaro yumshashi G‘arbning Rossiya iqtisodiyotiga bosimi yana kuchayishiga olib kelishini qayd etgan. Ya’ni, masalan, keng ko‘lamli sanksiya va cheklovni chetlab o‘tish uchun ishlaydigan “yashirin flot” ustidan nazorat tiklanadi. Boshqacha aytganda, kelishuv Tehronning Moskvaga qaramligini kamaytiradi va mintaqadagi sheriklik muvozanatini o‘zgartiradi. Jumladan, Xitoyning mavqeini ko‘tarishi mumkin.
Umuman, “Newsweek” Fors ko‘rfazidagi barqarorlik nafaqat RF iqtisodiy mavqeini zaiflashtirishi, balki G‘arbning harbiy iqtisodiyotga bosim o‘tkazish qobiliyatini kengaytirishi ehtimoli yuqori, deya xulosa qilgan.
S.Rahimov, O‘zA