Netanyaxu AQSH Kongressida nimalar dedi?
Kuni kecha AQSH Kongress palatalarining qo‘shma yig‘ilishida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu nutq so‘zladi, ammo majlisda demokratlarning deyarli yarmi ishtirok etmagan. Bu haqda “Times Now World” axborot nashri xabar bermoqda.
Siyosiy tahlilchilar fikricha, Netanyaxu va demokratlar o‘rtasidagi munosabatlar Isroil-Hamas ziddiyati paytida yanada keskinlashdi, chunki ko‘plab isroilparast demokratlar mojaroning gumanitar xarajatlarini tanqid qila boshladi.
– Isroil G‘azoni bosib olishga intilmaydi, biroq anklav boshqa tahdid tug‘dirmasligini ta’minlash uchun yaqin kelajakda xavfsizlik nazoratini saqlab qolishi kerak, -dedi Netanyaxu o‘z nutqida. – Isroil Hamasning harbiy salohiyatini yo‘q qilmagunicha va garovdagilarning barchasi qaytarilmagunicha kurashishda davom etadi.

Shuningdek, u Eronning mintaqaga xavf solishi mumkinligi haqida ta’kidlab, “popugini pasaytirib qo‘yish”ga chaqirdi.
– Eronga qarshi global alyans tuzishga chaqiraman. Isroil bilan inoq bo‘lgan, yarashgan barcha mamlakatlar ushbu alyansga qo‘shilishga taklif qilinishi kerak, -dedi u.
AQSH Kongressi quyi palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosi Netanyaxuning Kongressdagi nutqini xorijlik taniqli shaxslarning eng yomon nutqi deb atadi.
Kongressda yig‘ilish o‘tkazilayotgan payt tashqarida yuzlab yahudiy faollari Netanyaxu va Isroilning blokadadagi G‘azo sektoridagi hujumlariga qarshi norozilik bildirish uchun to‘planishdi.
Namoyishchilar “G‘azo uchun hayot”, “Falastinga ozodlik” va “Genotsidni to‘xtating” kabi shiorlar bilan barchaning e’tiborini tortdi. Ular tomonlarni Isroilni qurollantirmaslikka va G‘azoda tezda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.
– Aniqlik yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi farqni tushunishdan boshlanadi. Isroilga qarshi namoyishchilarning ko‘pchiligi yovuzlik tomonida turishni tanlaganiga aqlbovar qilmaydi, -dedi Netanyaxu majlis yakunida.
O‘.Alimov, O‘zA