Nega qabul kvotalari kamaydi?
Bir tadbirda atoqli shoira Halima Xudoyberdiyeva Moskvada, Oliy adabiyot kursida oʻqimaganimda, balki xalq shoirasi boʻla olmasmidim, degandi.
Luqma
Bir tadbirda atoqli shoira Halima Xudoyberdiyeva Moskvada, Oliy adabiyot kursida oʻqimaganimda, balki xalq shoirasi boʻla olmasmidim, degandi.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ham Oliy adabiyot kursida tahsil olib, dunyoqarashi butunlay oʻzgarib yurtga qaytganini, katta-katta asarlar yozishga oʻzida kuch topganini aytgandi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oliy adabiyot kurslari qaytadan tashkil etilgani ham koʻpchilikning koʻnglidagi ish boʻlgandi.
Bu kurs tezda ochildi. Darslar boshlangandan soʻng kursda oʻqiydigan talabalarning aksariyati taʼlim jarayonidan qoniqmayotganini aytdi. Ijtimoiy tarmoqlarda oʻqishni tashlash boʻyicha chiqishlar qilindi...
Kuni kecha bu yil Oliy adabiyot kursiga hujjat topshirganlarning sinov javoblari eʼlon qilindi. Netongki, bugun umid bilan oʻzbek adabiyotiga kirib kelayotgan Mansur Jumayev, Kumush Oʻsarova, Shohsanam Nishonova, Bobur Nusratov, Nargiza Odinayevalar nomi kirolmaganlar safida turibdi. Kirganlarga eʼtirozimiz yoʻq.
2020-2021 oʻquv yilida kursga bor-yoʻgʻi 24 nafar kishi hujjat topshirgan. 6 nafari qabul qilingan.Ularning ham aksariyati oʻqisakmi, yoʻqmi, kontrakt toʻlab oʻqishga arziydimi, oʻzi bu kurs, deb ikkilanib turibdi.
Ikkinchi tomondan, nega joriy yilda qabul kvotasi soni keskin kamayib ketdi? Oliy adabiyotning bagʻri shunchalar tormi? Ijodkorlar umid bilan eshik taqillatsa-yu, kira olmasa. Oliy adabiyot kursi talabasi boʻlish uchun soʻralgan ayrim savollarning oʻzi kulguli...
2018-2019 oʻquv yilida 10 ta grant, 15 ta kontrakt; 2019-2020 oʻquv yilida 10 ta grant 7 ta kontrakt uchun talaba qabul qilgan kursning 2020-2021 oʻquv yili qabul kvotalari nega keskin kamaydi?
–Kadrlarga ehtiyojdan kelib chiqqan holda qabul kvotalari boʻyicha davlat komissiyasiga taklif kiritganmiz, – deydi universitetning oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, filologiya fanlari doktori Sulton Normamatov. – Oʻtgan yili Oliy adabiyot kurslariga 30 ta oʻrin berilgandi. Bor yoʻgʻi 17 ta odam oʻtdi. Talabalarning taʼlim sifatidan norozi boʻlishiga ham asos yoʻq. Bu yerda tajribali oʻqituvchi- professorlar Nurboy Jabbor, Uzoq Joʻraqulov, Bahodir Karimlar dars beradi. Ushbu kursni tamomlagan talabalarga “Adabiyotchi, muharrir” diplomi beriladi.
Oliy adabiyot kurslarini tamomlagan talabalar bilan suhbatlashganimizda esa, aksariyati ikki yil ketgan vaqtimizga achindik, deya javob qaytardi. Shundogʻam taʼlim tizimimiz islohtalabligini inobatga olib, qabul kvotalarini koʻpaytirish, taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilishi kerakmasmidi?
Bizningcha, bir vaqtlar yuzlab talabalarni bagʻriga olgan kursning oldingi nufuzini qaytarish zarur. Milliy oʻzbek adabiyoti deya atalmish maydonda har yili oʻnlab “oliy adabiyot” chi yetishib chiqsa, ziyon qilmas. Nega hamma oliy oʻquv yurtlarida kvotalar oshirilayotgan bir paytda bu yerda kamaytirildi? Agar, sifatli taʼlim tizimi yaratilsa, kerak boʻlsa manaman degan nomdor yozuvchi-shoirlar ham bu kursda oʻqishga shoshilsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi-ku?!